1 Fevral 2022 1934

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi vakillari Pekin shahriga yetib borishdi

Yana 3 kundan soʻng, aniqrogʻi 4-fevral kuni Xitoyning Pekin shahrida XXIV qishki Olimpiya oʻyinlari start oladi. Unda butun dunyodan tashrif buyuradigan 91 mamlakat vakillari orasida Oʻzbekiston delegatsiya ham ishtirok etadi. Bugun Oʻzbekiston delegatsiyasidan oʻrin Milliy Olimpiya qoʻmitasi vakillari - Xalqaro aloqalar departamenti bosh mutaxassisi, Tashkiliy qoʻmita bilan aloqalarga masʼul Nozim Atakulov hamda Qoʻmitaning OAV va jamoatchilik bilan aloqalar departamenti bosh mutaxassisi, matbuot xizmatiga masʼul Nurali Yoʻldoshevlar Pekin shahriga yetib borishdi. Ishchi guruhi dastlabki tekshiruvlardan muvaffaqiyatli oʻtishdi. Asosiysi vakillarimiz sogʻ-salomat.

Bu yilgi qishki Olimpiadada togʻ changʻisi sportida Komiljon Toʻxtayev yurtimiz sharafini himoya qilishidan xabaringiz bor. Sportchimiz 13-fevral kuni gigant slalom, 16-fevralda esa slalom dasturida oʻz chiqishini namoyish etadi. Tabiiyki, ochilish marosimida ham u bayroqdorimiz boʻlib, “Qush uyasi” stadioniga delegatsiyamizni boshlab chiqadi.

Hozirgi kunda Komiljon Toʻxtayev Italiyada boʻlajak Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrmoqda. Rejaga koʻra sportchimiz ertaga, 2-fevral kuni Milan shahridan toʻgʻri Pekinga yoʻl olishi koʻzda tutilgan. Uning italiyalik murabbiyi Mattia Jianessi esa 9-fevral kuni Xitoyga yetib boradi. Sportchimizning Olimpiya oʻyinlariga olib borayotgan tayyorgarligi va delegatsiyamizning musobaqadagi ishtiroki davlatimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Rejaga koʻra, bugun ishchi guruhi Pekindagi Olimpiya shaharchasida qolib, sportchimiz va uning murabbiyning tashrifi uchun tayyorgarlik koʻradi. Ertaga esa hamyurtimiz Komiljon Toʻxtayev musobaqada ishtirok etadigan Yansin shahriga borib joylashadi.

Text to speech