1 Fevral 2022 2138

Boks: Osiyo chempionatining buxorolik gʻoliblari sharaflandi

Shu yilning 20-30-yanvar kunlari Toshkent shahri mezbonlik qilgan boks boʻyicha 22 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida Buxoro viloyati yosh “charm qoʻlqop” ustalari ham munosib qatnashishdi. Murosasiz bahslar davomida qizlar oʻrtasida 12 ta, oʻgʻil bolalar oʻrtasida esa 13 ta vaznda qitʼa chempionlari aniqlandi.

Quvonarlisi, erkaklar va ayollar terma jamoasi tarkibida buxorolik 4 nafar bokschi - Buxoro shahridagi sport yakka kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabi tarbiyalanuvchilari Asilbek Jalilov (-48 kg), Shahzod Muzaffarov (-54 kg), Kogon shahridagi Bolalar va oʻsmirlar sport maktabi tarbiyalanuvchisi Farzona Fozilova (48 kg), Buxoro shahridagi “Sufida” ayollar boks klubi aʼzosi Sabina Boboqulova (50 kg) oʻz vazn toifalarida Osiyo chempioni degan nomga sazovor boʻlishdi.

Buxoroga yorugʻ yuz bilan qaytgan yosh bokschilar bugun viloyat hokimligida sharaflandilar. Viloyat sport jamoatchiligi vakillari, bokschilar va ularning murabbiylari ishtirokida oʻtgan tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov yosh iqtidor egalari — “charm qoʻlqop” ustalarini erishgan gʻalabalari bilan samimiy muborakbod etdi. Sportchi qizlarimizga shu yil may oyida Turkiyaning Istanbul shahrida boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida ham oʻz kuch va mahoratlarini namoyon etib, vatanga oltin medal bilan qaytishlariga ishonch bildirdi. Xuddi shunday, yigitlarimizda ham 2024-yili Fransiyaning Parij shahrida boʻlib oʻtadigan yozgi Olimpiya oʻyinlarida qatnashish huquqini qoʻlga kiritish uchun qulay imkoniyat borligi taʼkidlandi.

Shundan soʻng yosh chempionlar hamda ularning murrabbiylari - Islombek Abdirimov, Adiz Sharipov, Istam Kabinov va Ulugʻbek Baratovlarga viloyat hokimligining tashakkurnomasi, pul mukofoti va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Text to speech