U-22 Osiyo chempionati haqida qiziqarli raqamlar
Boks bo‘yicha Toshkentda o‘tgan U-22 Osiyo chempionati qit’amizning ayni paytdagi eng kuchli yosh iqtidor egalarini kashf etib berdi. An’anaga muvofiq, ushbu musobaqadan so‘ng chempionatning eng yaxshilari e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, musobaqaning Eng yaxshi erkak bokschisi nomi hamyurtimiz Ruslan Abdullayevga nasib etdi. 2021 yil O‘zbekiston chempionatida eng yaxshi bokschi deb topilgan Abdullayev o‘z vaznida qit’amiz yoshlari orasida ham tengsiz ekanini ko‘rsatdi.
Eng yaxshi ayol bokschi – Iri Sena (Yaponiya).
Iri tom ma’noda ushbu musobaqaning yulduzlaridan biri edi. -57 kg vazn toifasida ishtirok etgan Tokio-2020 chempioni kutilganidek, o‘zining ajoyib texnikasi bilan boshqalardan yaqqol ajralib turdi.
Eng yaxshi hakam – Aleksandr Hamidov (O‘zbekiston).
Ushbu hamyurtimiz qit’amiz yosh hakamlari orasida yildan yilga katta yutuqlarga erishib bormoqda. Uning o‘z ustida ishlashi, vaziyatni chuqur his eta olishini ko‘plab xalqaro ekspertlar ham e’tirof etishgan.
Sovrin jamg‘armasi.
Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) musobaqalarga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish niyatida undagi sovrin jamg‘armasini oshirib bormoqda. Ilk bor tashkil etilgan bo‘lishiga qaramay, Toshkentdagi musobaqaga ham yetarlicha mablag‘ ajratildi. Har qalay, qit’a chempionligini qo‘lga kiritgan yosh bokschining 8 ming AQSh dollar mukofotiga ega bo‘lishi yomon raqam emas. Shuningdek, kumush medal sohibi 4 ming, bronza medali egalari esa o‘z hisoblarini 2 ming AQSh dollaridan boyitib olishadi.
Medallar jamg‘arish.
16 ta oltin! Bu marra katta ehtimol keyingi o‘tadigan ushbu yoshdagi qit’a birinchiligi uchun har qanday jamoaga uddalab bo‘lmas “planka”ga aylanib ulgurdi. Shuningdek, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallarini ham qo‘lga kiritgan yoshlarimiz millionlab muxlislarimizga yana bir g‘alaba zavqini ulashishdi.
2 tadan oltin va kumush, 8 ta bronza medallarini jamg‘argan Mo‘g‘uliston ikkinchi, 1 ta oltin, 6 ta kumush va 4 ta bronza medali bilan Tojikiston termasi uchinchi bo‘ldi. Oltin medal ololgan jamoalar safiga Yaponiyani ham qo‘shish mumkin. Kun chiqar yurt vakillari yana 5 ta kumush va 3 ta bronza medallariga ham ega bo‘lishgan.