Jamoamizda faoliyat olib borishi kutilayotgan yaponiyalik murabbiylar Aziz Abduhakimov qabulida boʻlishdi
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga, xususan xotin-qizlar sportini rivojlantirish masalasiga alohida ahamiyat qaratib kelinmoqda. Mazkur jarayondan ayollar futboli ham chetda qolmayapti.
Shuni inobatga olgan holda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati mamlakat ayollar terma jamoasiga xorijdan malakali mutaxassislarni jalb etishga qaror qildi. Shu maqsadda Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimiga yaponiyalik tajribali mutaxassislarni taklif etish borasida ishlar olib borilmoqda. Bu bejiz emas, zotan Yaponiya ayollar futbolida nafaqat qitʼamiz, balki jahonda oʻz oʻrniga ega mamlakatlardan sanaladi. Shu kunlarda Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyligiga nomzod Midori Honda va uning yordamchisi Takaya Susumi yurtimizda boʻlib turishibdi.
Yaponiyalik mutaxassislar mamlakatimizga tashrifi davomida Turizm va sport vazirligida boʻlishdi. Mehmonlarga MOQ hamda OʻFA raislarining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov hamrohlik qilmoqda. Ularni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov qabul qildi.
Uchrashuv avvalida A.Abduhakimov Yaponiyaning ayollar futbolida erishayotgan yutuqlarini alohida eʼtirof etdi. Shuningdek, ularga bugungi kunda yurtimizda ayollar sporti, xususan, futbolga berilayotgan eʼtibor haqida maʼlumot berdi. Qolaversa, yaponiyalik mutaxassislar yordamida mamlakatimiz ayollar futbolida tartib, intizom, kurashuvchanlik kabi yapon xalqi mentalitetiga xos xislatlarni yanada kuchaytirish, jamoamizni yangi darajaga olib chiqish kabi maqsadlar koʻzlangani taʼkidlab oʻtildi.
Oʻz navbatida yaponiyalik mutaxassis Midori Honda mamlakatimizda ayollar futboliga berilayotgan eʼtiborni yuqori baholab, hamkorlik davomida bor kuch-gʻayratini ishga solib, Oʻzbekiston ayollar futbolini yangi darajaga olib chiqishga tayyor ekanligini bildirdi.
Maʼlumot uchun: Midori Honda 17 yoshidan boshlab 10 yil Yaponiya terma jamoasi sharafini himoya qilgan. 1991-yilgi Jahon chempionati ishtirokchisi, Osiyo oʻyinlarining bronza medali sovrindori. Bosh murabbiy sifatidagi faoliyatini 2001-yilda “Okayama” klubida boshlagan. Keyinchalik Yaponiya U-20 ayollar jamoasida murabbiy yordamchisi sifatida ishlab, Jahon chempionatida 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan. 2013-2019-yillar davomida “Nagano Parseyro”, 2020-2021-yillarda esa “Sidzuoka SSU Asredjina” klubini boshqardi. Bundan tashqari, Midori Xonda Yaponiyada JFAning “С” kategoriyadagi litsenziyani olgan ilk ayol murabbiy hisoblanadi.
Manba: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati