29 Yanvar 2022 1522

2022 yilgi kompleks musobaqalar rejasi Oliy sport mahorati maktabi rahbariyati bilan muhokama qilindi

Koronavirus pandemiyasi sabab 2021 yil o‘tkazilishi rejalashtirilgan ko‘plab musobaqalar joriy yilga ko‘chirildi. Bu esa boshlangan mavsum ancha zich o‘tishidan dalolat beradi. Shu bois terma jamoalarimiz yirik kompleks musobaqalar, Osiyo va jahon chempionatlari kabi musobaqalar uchun tarkiblarni hozirdan tayyorlab borishi kerak.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovning topshirig‘iga binoan, MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov hamda uning o‘rinbosari Sherzod Tashmatov ishtirokida Vazirlik va Oliy sport mahorati maktablari mutasaddilari bilan ushbu masala yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

“Davlatimiz va Prezidentimiz bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Shunday ekan biz terma jamoalarimiz uchun kerakli sharoitlarni yaratib berishimiz lozim. Shantouda o‘tadigan yoshlar Osiyo o‘yinlari ham biz uchun alohida ahamiyatga ega. Birinchidan, ushbu musobaqa orqali yosh yulduzlarimizni kashf qilamiz. Ikkinchidan, mazkur musobaqaning bo‘lajak mezboni sifatida o‘zimiz uchun ulkan tajriba to‘plashimiz kerak. Barcha Oliy sport mahorat maktablaridan ishni yanada jadal olib borishni, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini uzliksiz yo‘lga qo‘yishni so‘raymiz”, – dedi MOQ rahbari.

Ma’lumot uchun, joriy yil oldimizda Islom Birdamligi o‘yinlari (Turkiya), Osiyo o‘yinlari, yoshlar Osiyo o‘yinlari va Butunjahon talabalar universiadasi (barchasi Xitoy) kabi kompleks musobaqalar bo‘lib o‘tadi.

Yig‘ilishda Qo‘mita rahbari tomonidan seleksiya ishlarini muntazam yo‘lga qo‘yish, yil davomida kamida 2-3 ta tarkibni tayyorlab borish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berildi. O‘z navbatida, yig‘ilish ishtirokchilari ushbu startlarga yoshlarni jalb qilish orqali ularga yirik musobaqalar havosidan ko‘proq nafas olish imkoniyatini yaratish, kuchli tizimni yo‘lga qo‘yib olish uchun ishchi guruhni tuzish taklifini ilgari surishdi.

Text to speech