Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisiga ikki oʻrinbosar saylandi
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi oʻtkazildi. ZOOM platformasida onlayn tarzda oʻtgan yigʻilishning kun tartibidan ikki masala oʻrin oldi: Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasiga ikki nafar rais oʻrinbosarlari hamda federatsiyaning Sirdaryo va Andijon viloyatlari boʻlimlariga yangi rahbar saylash.
Konferensiyada MOQ raisi oʻrinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Turizm va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining hududiy boʻlim mutasaddilari ishtirok etdi. Tadbirda Sherzod Tashmatov oʻzbek dzyudosining rivoji haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
“Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi tomonidan olib borilayotgan barcha yoʻnalishlardagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlayman. Federatsiya rahbariyati birinchi galda tizimni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, kadrlar masalasi, tashkiliy masalalarga jiddiy eʼtibor qaratadi. Ochigʻi, olib borilayotgan bu ishlarga havasim keladi. Ishonchim komil, bu saʼy-harakatlar oʻz samarasini bermay qolmaydi. Asosiy vazifalardan biri Toshkent mezbonligida oʻtadigan kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish. Buning uchun federatsiyada kuchli va katta jamoa boʻlishi kerak. Oʻz oʻrnida MOQ ham bu tashabbuslarga koʻmakchi boʻladi”, – dedi Sh.Tashmatov.
Shundan soʻng, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisiga ikki oʻrinbosar saylandi. Konferensiya qatnashchilari bir ovozdan ushbu lavozim uchun ilgari surilgan Shuhrat Ochilov va Shokir Moʻminov nomzodlarini maʼqullashdi. Shuhrat Ochilov shu kungacha Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining Buxoro viloyat boʻlimi raisi, shuningdek, Buxoro tumanidagi BOʻSM direktori lavozimlarida ishlab kelayotgan edi. Shokir Moʻminovni esa yaxshi dzyudochi sifatida bilamiz. U 2006-yilgi Osiyo oʻyinlarining bronza medali sohibi, uch karra Osiyo chempionati sovrindori hisoblanadi.
Shundan soʻng Konferensiyadan oʻrin olgan ikkinchi masala - Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining Sirdaryo va Andijon viloyati boʻlimlariga rais saylandi. Delegatlar mos ravishda Andijon viloyati hokimligining moliya bosh boshqarmasi boshligʻi Sardorbek Rahmonov hamda Guliston shahar hokimi Toʻlqinjon Dadaboyevni mamlakat dzyudo federatsiyasining bu ikki viloyat boʻlimi rahbarligiga saylashdi.
Oʻz oʻrnida Azizjon Kamilov yangi lavozimga saylangan mutasaddilar haqida oʻz fikrlarini bildirdi:
“Shuhrat Ochilov va Shokir Moʻminov haqida iliq fikr bildira olaman. Shuhrat aka Buxoro viloyati dzyudosiga rahbar etib tayinlanganlaridan soʻng ijobiy tomonga oʻzgarishlar koʻzga tashlandi. Buni natijalar ham tasdiqlab turibdi. Shokir Moʻminov esa dzyudoda aytishga arzigulik yutuqlarga erishgan. Umid qilamanki, u rahbarlik salohiyatini ham ishga sola biladi. Oʻylaymanki, biz birgalikda oʻz oldimizga qoʻyilgan vazifalarni bajarib, koʻzlangan maqsadga erishamiz. Yaqin kunlarda biz barcha viloyatlar qatori Andijon va Sirdaryoga ham borishni rejaga kiritganmiz. Bu ikki viloyatda ham shu kunlarda Xalq taʼlimi vazirligi hamda qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan dzyudo zali bunyod etilyapti. Shu kungacha Samarqand, Qoʻqon va Toshkent shahrida ana shunday zamonaviy dzyudo zallari foydalanishga topshirildi. Maqsadimiz – Sirdaryo va Andijon viloyatlarini ham juda qisqa fursatda dzyudosi rivojlangan Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand kabi viloyatlarimiz qatoriga qoʻshish”.
Tadbir yakunida joriy mavsum uchun qoʻyilgan rejalar yana bir bor muhokama qilinib, ishtirokchilar yangi lavozimga saylangan mutasaddilarning faoliyatiga omad tilashdi.