Tomas Bax Xitoy Xalq Respublikasi rahbari qabulida boʻldi
Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi (XOQ) prezidenti Tomas Bax Pekinda uch kunlik izolyatsiyadan soʻng deyarli ikki yil ichida Xitoy yetakchisi Si Szinpin bilan yuzma-yuz muloqot qilgan birinchi rasmiy shaxs boʻldi.
Xitoy davlati rahbarining Tomas Bax bilan shaxsan uchrashgani bu qishki Olimpiadaning Xitoy hukumati uchun qanchalik muhimligini koʻrsatadi. Si Szinpinning xorijiy delegatsiya rahbari bilan soʻnggi uchrashuvi 2020-yilning mart oyida boʻlib oʻtgan edi. Manbaning taʼkidlashicha, Si Szinpin Tomas Baxga Xitoy “Oddiy, xavfsiz va ajoyib Olimpiada” oʻtkazishini vaʼda qilgan.
“Biz ishtirokchilar, tegishli xodimlar, Xitoy xalqining salomatligi va xavfsizligi taʼminlanishiga toʻliq ishonamiz. Doimiy saʼy-harakatlar tufayli avvalgi tasavvurlarimiz endi haqiqatga aylandi. Muz va qor oltin hamda kumush kabi qimmatlidir. Bu Olimpiada orqali yurtimizda qishki sport bilan shugʻullanuvchilar sonini 300 millionga oshirmoqchimiz”, – dedi Xitoy Xalq Respublikasi rahbari.
Yigʻilish davomida boʻlajak Olimpiya oʻyinlarini xavfsiz va chiroyli oʻtkazish kabi qator mavzularda fikrlar bildirildi.