24 Yanvar 2022 2522

MOQ mutasaddilari va Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi vakillari mavjud muammoga yechim qidirishmoqda

Koronavirus infeksiyasining insonlar salomatligiga, hayotiga yetkazayotgan taʼsiri yetmaganidek, undan sport sohasi ham talofat koʻrmoqda. Pandemiya boshlangandan beri Yunusobod tumanidagi Gimnastika saroyi kasallikka chalingan hamyurtlarimizning davolanishi uchun beminnat xizmat qilib kelmoqda. Buning natijasida gimnastikachilarimiz uchun barcha sharoitlarga ega muqobil obyekt topish yana dolzarb masalaga aylandi. Bugun MOQ mutasaddilari Ruslan Mustayev boshchiligidagi Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi hamda Gimnastika boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi vakillari bilan ushbu masala yuzasidan fikr almashishdi.

Qayd etish joiz, Tokio-2020 siklida qiyin sharoit boʻlishiga qaramay, gimnastikachilarimizning tayyorgarligi uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Sportchilarimiz uzliksiz xalqaro va mahalliy oʻquv-mashgʻulot yigʻinida boʻlishdi. Buni uchrashuv davomida yigʻilgan Gimnastika boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi, Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi mutasaddilari va murabbiylar ham eʼtirof etib, buning uchun Prezidentimiz va davlatimizga oʻz minnatdorchiliklarini izhor qilishdi.

Hukumatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan barcha terma jamoalarda yilning eng muhim starti Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik ham jadal suratlarda olib borilmoqda. Biroq yuqorida qayd etilgan masala sabab gimnastikachilarimizning yigʻinida ayrim muammolar paydo boʻldi.

Bugungi yigʻilish davomida sportchilarimiz shugʻullanishi uchun shahrimizdagi boshqa sport obyektlari, ularni qabul qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Gap shundaki, gimnastikada mashgʻulotlar zali uchun bir qator meʼyorlar mavjud. Jumladan, badiiy gimnastikada shiftning balandligi 16 metrdan kam boʻlmasligi kerak. Yerdagi toʻshamalarda ham oʻziga yarasha talablar bor.

Suhbatda Toshkent Axborot-texnologiyalari universiteti, Toshkent moliya instituti, “Yunusobod sport majmuasi” shuningdek, yana bir qator zallarga eʼtibor qaratildi. Agar oʻrganishlar koʻngildagidek natija bermaydigan boʻlsa, Gimnastika zali yaqinida yengil konstruksiyali maxsus zal qurish varianti ham oʻrtaga tashlandi. Qolaversa, sportimiz rivojini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha tayyorlanayotgan Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasiga ham takliflar kiritish boʻyicha muhokama olib borildi.

Text to speech