24 Yanvar 2022 2324

MOQ rahbariyati Elmar Aminovni qutlug‘ 90 yoshi bilan muborakbod etdi

Xabar berganimizdek, kecha o‘zbek futboli tarixiga o‘z nomini bitib ulgurgan faxriylarimizdan biri Elmar Aminov 90 yoshni qarshi oldi. Bugun u kishining qutlug‘ yubileyi sharafiga MOQda kichik qutlov tadbiri o‘tkazildi.

Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov, Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov, Turizm va sport vazirligi vakillari, Toʻlagan Isoqov boshchiligidagi futbolimiz va oʻzbek sporti faxriylari jam boʻlishdi.

Dastavval Elmar Alimovichga Vazirlik tomonidan tayyorlangan sovgʻa va kun qahramonning uzoq yillar davomida qilgan xizmatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov nomidan yuborilgan tashakkurnoma topshirildi. Shundan soʻng MOQ rahbari ham oʻzining samimiy tilaklarini yoʻlladi.

“Sizning uzoq yillar davomida sportimiz rivojiga qo‘shgan hissangizni hech qachon unutmaymiz. Siz kabi sportimiz fidoyilari Prezidentimiz va hukumatimiz e’tiboridasizlar. Uzoq yillar davomida to‘plagan tajribangiz, yetishtirgan shogirdlaringizning mehnati bilan sohada qator yutuqlarga erishmoqdamiz”, – dedi R.Shoabdurahmonov.

Tadbir davomida ko‘plab faxriylarimiz Elmar Aminovning ko‘p yillik faoliyati davomida sportimiz rivojida qilgan mehnatlarini eslab, u kishini tavallud ayyomlari bilan qutlashdi. O‘z navbatida, Elmar Alimovich davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tibordan mamnun ekanini bildirdi va barchaga o‘zining tashakkurini izhor qildi.

Ma’lumot uchun, 1959 yil O‘zbekiston futbol federatsiyasiga asos solinganida, Elmar Alimovich ushbu tashkilotning rahbari etib tayinlangan. U inson faoliyati davomida “Paxtakor” jamoasi boshlig‘i, keyinchalik O‘zbekiston SSR Ministrlar Kengashi davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi muovini, so‘ngra rahbari lavozimlarida ishladi. U kishi faoliyati davomida futbol bo‘yicha Sobiq Ittifoq terma jamoasi delegatsiyasiga ko‘plab musobaqalarda, jumladan, 1966 yil Angliyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida rahbarlik qilgan. 1990-1992 yillarda O‘zbekiston futbol federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti sifatida faoliyat olib borgan.

Text to speech