22 Yanvar 2022 2169

O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi o‘z darg‘asini munosib qutladi

Kecha o‘zbek og‘ir atletikasining otasi Erkin Karimov 80 yoshni qarshi olgani edi. Bugun “O‘zbekiston” mehmonxonasida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi tashabbusi bilan dasturxon yozildi.

Tadbirda Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi xodimlari, Shahrullo Mahmudov boshchiligidagi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi mutasaddilari, Erkin ota bilan uzoq vaqt yurtimiz sporti rivojida xizmat qilgan faxriylar, oila-a’zolari, sportchilarimiz ishtirok etishdi. Yig‘ilganlar kun qahramonining samarali hayot yo‘li, barchaga o‘rnak bo‘ladigan xislatlari haqida yana bir bor gapirib o‘tdilar va o‘zlari tayyorlab kelgan sovg‘alarini taqdim qilishdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan 2021 yil sarhisobi ham o‘tkazilib, yil davomida faol mehnat qilgan hamkor tashkilotlar vakillari taqdirlanishdi. Shuningdek, kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida shohsupaga ko‘tarilgan qahramonlarimizga pul mukofotlari topshirildi.

Yakunda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovning Erkin ota Karimovning yubiley yoshi munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Yig‘ilgan barcha Erkin otaning haqqiga duo qilib, u kishiga uzoq umr va sihat-salomatlik tilashdi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ham Erkin Karimovni ushbu muborak ayyom bilan yana bir bor samimiy qutlaydi va u kishiga uzoq umr, sihat-salomatlik tilab qoladi.

Text to speech