WSB kabi turnirlar yana qaytmoqda, endi professional boksdagi 15 ta jangga hech qanday ta’qiq qo‘yilmaydi
Ma’lum qilganimizdek, bugun poytaxtimizda boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida (U-22) Osiyo chempionati start oladi. “Hilton” mehmonxonasida turnirga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Xalqaro boks assotsiatsiyasi prezidenti Umar Kremlyov, Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti Anas Alotaiba, MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov, terma jamoa vakillari, OAV xodimlari va blogerlar ishtirok etishdi.
Dastavval, Saken Polatov barcha mehmonlarni mamlakatimizda ko‘rib turganidan mamnun ekanini bildirib, o‘zining iliq tilaklarini yo‘lladi.
“Prezidentimiz va hukumatimiz hozirda yoshlar sportiga alohida ahamiyat qaratmoqda. Qit’amiz tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan bunday yoshdagi Osiyo chempionatini qabul qilish biz uchun sharaf. Bu orqali qit’amizning yosh iqtidor egalariga o‘z qobiliyatlarini ko‘rsatish uchun yana bir bor imkoniyat berayotganimizdan mamnunmiz. Unda porlagan yosh yulduzlar kelasi yil Toshkentda bo‘ladigan jahon chempionatida ham ishtirok etishlaridan umidvormiz”, – dedi Saken Polatov.
Shundan so‘ng Umar Kremlyov musobaqa ahamiyati, xalqaro federatsiyada olib borilayotgan o‘zgarishlar haqida quyidagicha gapirdi:
“Hozirgi davrda musobaqani koronavirus yo boshqa sabablar bilan bekor qilib yuborish juda oson. Biroq O‘zbekiston tomoni yoshlar uchun berilayotgan bunday imkoniyatni saqlab qolgani va professional darajada tashkil etgani tahsinga sazovor. Bu bevosita davlat rahbari, hukumat va sport mutasaddilarining sog‘lom turmush tarziga berayotgan yuksak e’tiboridan dalolat. Bu kelasi yil Toshkentda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatidan oldin yaxshi repetitsiya bo‘ladi. Toshkent bu yil Osiyo, keyingi yil jahon boksining poytaxti sifatida e’tiborimizda”.
Anjuman davomida IBA rahbari bokschilar uchun “bronza”, “kumush” va “oltin” statusdagi musobaqalar tashkil etilayotgani, yaqin vaqt WSB kabi boks musobaqalarning boshqacha analoglari yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgani haqida gapirdi. Shuningdek, avval professional boksda 15 ta jang o‘tkazgan sportchining havaskor boksga qaytmasligi kabi taqiq butunlay olib tashlangani ko‘pchilik uchun qiziqarli ma’lumot bo‘ldi.