21 Yanvar 2022 3922

Olimpiya oilasi MOQning 30 yilligini ko‘tarinki ruhda nishonladi

Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan Qo‘mita binosida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, uzoq yillar yurtimizda Olimpiya harakati targ‘ibotida, Qo‘mitamiz tashkil etilishida mehnati singan faxriylar, Olimpiya o‘yinlari chempionlari va sovrindorlari ishtirok etishdi. Tadbirni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi va bugungi tadbir mohiyati haqida gapirib o‘tdi.

Kirish qismidan so‘ng O‘zbekiston MOQning 30 yillik faoliyatiga bag‘ishlab ishlangan maxsus videorolik qo‘yib berildi.

Shundan keyin Rustam Shoabdurahmonov Olimpiya harakati oilasiga o‘zining bayram tabrigini yo‘lladi.

“O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi o‘tgan qisqa vaqt ichida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi, Osiyo Olimpiya kengashi va qator xalqaro sport federatsiyalari hamda tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdi. Bugungi kunda sport va sog‘lomlashtirish jarayonlarining natijadorligi Yangi O‘zbekistonni barpo etish vazifalari bilan uzviy bog‘liq ekanini anglagan holda temir intizom bilan harakat qilishimiz lozim. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan bizni har jihatdan qo‘llab- quvvatlab kelayotgan, barcha zarur sharoitni yaratib berayotgan davlatimiz va hukumatimiz rahbarlariga va shaxsan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga, shuningdek biz bilan hamkorlik qilib kelayotgan Turizm va sport vazirligiga, faxriylarimizga va sport federatsiyalariga o‘z minnatdorchilikimizni izhor etamiz.”, – dedi MOQ rahbari.

Tadbir davomida MOQ tashkil etilishida bevosita ishtirok etgan va uzoq yillar Qo‘mita vitse-prezidenti lavozimida ishlagan Igor Baraban, 2005-2009 yillar MOQni boshqargan Rustam Qurbonov ham so‘z olib, bugungi kunda Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan Olimpiya harakati rivojiga ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida gapirib o‘tishdi. Shuningdek, Igor Petrovich Rustam Shoabdurahmonovga tarixiy hujjat – O‘zbekiston MOQ tashkil etilgani haqidagi 1-protokolning nusxasini taqdim qildi.

Tadbir davomida Olimpiyachilarimiz nomidan Mustaqil O‘zbekiston uchun yozgi Olimpiya o‘yinlarida birinchi oltin medalni taqdim qilgan Sidney-2000 Olimpiadasi chempioni Muhammadqodir Abdullayev o‘z tabriklarini yo‘lladi.

Shundan so‘ng Aziz Abduhakimov hukumatimiz, Turizm va sport vazirligi nomidan barchani qutladi.

“Bugun juda muhim tadbirda birgalikda jam bo‘ldik. Afsuski, hozirgi vaqtda yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat sabab bayramni katta hajmda o‘tkaza olmayapmiz. Biroq epidemiologik vaziyat barqarorlashgach, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi, Osiyo Olimpiya kengashi va boshqa yirik xalqaro sport tashkilotlarining vakillari ishtirokida mazkur bayramni o‘zgacha shukuhda nishonlashni rejalashtirganmiz. Prezidentimiz Olimpiya harakatini qo‘llab-quvvatlashga qaratayotgan e’tiborlari barchangizga ma’lum. Yaqinda Oksana Chusovitina, Bahodir Jalolov kabi sportchilarimiz sharafiga ularning maktablari ochiladi. Fursatdan foydalanib, yana bir bor barchangizni bugungi ayyom bilan samimiy muborakbod etaman!”, – dedi Aziz Abduhakimov.

Tadbir davomida uzoq yillar mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzi, Olimpizm g‘oyalari targ‘ibotida faoliyat olib borgan ko‘plab insonlarga, sport federatsiya va assotsiatsiyalariga O‘zbekiston MOQning esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Bayramning ajoyib qismlaridan biri og‘ir atletika bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgan ilk o‘zbek polvoni, og‘ir atletikamiz rivojiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shgan Erkin ota Karimovni tavallud ayyomi bilan qutlash bo‘ldi. Qo‘mitamiz bilan bir kunda tavallud topgan Erkin ota bugun roppa-rosa 80 yoshni qarshi oldilar. MOQ hamda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi u kishini ushbu muborak yosh bilan qutlab, esdalik sovg‘alarini topshirishdi.

Tadbir soʻngida Rustam Shoabdurahmonov davlatimiz rahbarining qoʻllab-quvvatlashi ostida MOQ hamda Turizm va sport vazirligi Yangi Oʻzbekiston uchun yangi gʻalabalar taqdim qilish yoʻlida birgalikda faoliyat olib borishini taʼkidlab, barchaga oʻzining samimiy tilaklarini yoʻlladi.

Text to speech