18 Yanvar 2022 1397

Xorijlik mutaxassislar bilan ishlash va ularni ragʻbatlantirish tizimi tahlil qilinmoqda

Terma jamoamiz erishadigan yutuqlarda zamonaviy metodika va xorij tajribasidan keng foydalanishning alohida oʻrni bor. Bugun MOQ rahbariyati federatsiya va assotsiatsiyalarimiz mutasaddilari bilan Parij-2024 siklida terma jamoamizga jalb qilinadigan xorijlik mutaxassislar roʻyxatini yana bir koʻrib chiqish va ularni ragʻbatlantirish masalasi boʻyicha onlayn yigʻilish oʻtkazdi. Uchrashuvni MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning oʻrinbosari Sherzod Tashmatov olib borishdi va kun tartibidagi masalalar boʻyicha oʻz fikrlarini bildirilar.

“Terma jamoalarimizga eng munosib va eng kuchli mutaxassislarni jalb qilish kerak. Bu boʻyicha Bosh vazirimizning oʻzlari topshiriq berdilar. Hukumatimiz bizni toʻlaligicha qoʻllab-quvvatlamoqda. Shunday ekan, eng kuchli mutaxassislarni olib kelaylik. Parij Olimpiadasiga tayyorgarlik dasturiga yangi algoritm kiritishimiz kerak. Tayyorgarligimiz Tokio sikli bilan solishtiriladi. Oʻzini oqlamagan metodlardan voz kechamiz”, – dedi MOQ raisi.

Yigʻilish davomida jalb etiladigan mutaxassislar bilan tuziladigan shartnoma bandlari, ularni ragʻbatlantirish tizimi haqida atroflicha fikrlar bildirildi. Yakunda Sherzod Tashmatov jalb qilinadigan mutasaddilar boʻyicha takliflarni yana bir bor chuqur tahlil qilib, 1 kun ichida MOQga taqdim qilishni soʻradi.

Text to speech