30 Noyabr 2021 1997

Sport jurnalistikasidagi kamchilik va muammolar muhokama qilindi

Bugun MOQ majlislar zalida “Xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikning OAVda yoritilishi: bugungi kun holati va istiqbollari” mavzusida yigʻilish oʻtkazildi. Unda spiker sifatida MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi Olim Oʻsarov, Uyushma qoshidagi Oʻzbekiston sport jurnalistlari kengashi rahbari, taniqli jurnalist Mirzahakim Toʻxtamirzayev, MOQ raisi matbuot kotibi, axborot-siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Zafar Imomxoʻjayev, “Sport” telekanali direktori Zohid Karimov, shuningdek, yurtimizda mazkur yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan jurnalist va blogerlar, sport federatsiyalari matbuot kotiblari ishtirok etishdi.

Yigʻilish avvalida Oybek Kasimov mavzu yuzasidan oʻz fikrlarini bildirib, uchrashuvning ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtdi.

“Sport jurnalistlarini bir platformada yigʻib, mana shunday tadbir oʻtkazilishi juda muhim voqelik hisoblanadi. Bu oldimizda turgan muammo va kamchiliklarni aniqlash, ularga birgalikda yechim topishda biz uchun foydali. OAV xodimlarining yirik sport musobaqalarini delegatsiyamiz bilan birga yoritib borishi juda muhim. Rio-2016 Olimpiya oʻyinlarida delegatsiyamiz tarkibida 4 nafar jurnalist ishtirok etgan boʻlsa, Tokio-2020 Olimpiadasida 10 nafar OAV vakillari bilan ishladik. Umid qilamizki, kelajakda bu boradagi hamkorliklarimiz yanada ortib, yirik kompleks musobaqalarni yoritishda katta tarkibda ishtirok etamiz”, – dedi Oybek Kasimov.

Uchrashuv davomida Olim Oʻsarov, Mirzahakim Toʻxtamirzayev, Zohid Karimov, Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati vakili Otabek Eshmamatov, sport jurnalisti Kamoliddin Alimov sohadagi kamchilik va muammolar boʻyicha oʻz fikrlarini bildirishdi. Shuningdek, MOQ Xalqaro aloqalar departamenti direktori Kamoliddin Ergashev yirik sport musobaqalarida OAVni akkreditatsiyadan oʻtkazishdagi meʼzonlar boʻyicha maʼlumot berdi.

Tadbir davomida kengash faoliyatini tiklash, uni Xalqaro sport jurnalistlari assotsiatsiyasiga aʼzo qilish, bu orqali yirik kompleks musobaqalarda oʻzbekistonlik jurnalistlar uchun akkreditatsiyadan oʻtish jarayonida qulayliklar va qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish boʻyicha takliflar ilgari surildi. Qolaversa, joriy yil yakunida, dekabr oyining uchinchi 10 kunligida kengashning taʼsis yigʻilishini oʻtkazish, unga yangi rahbariyat saylash boʻyicha kelishib olindi.

Qiziqarli mulohazalarga boy oʻtgan yigʻilishda musobaqalarni yoritishda xususiy sektor hissasini oshirish, sport atamalari lugʻatini shakllantirish boʻyicha qizgʻin munozara oʻtkazildi.

Text to speech