Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari yakuni va Paralimpiya oʻyinlari oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari yakuni va Paralimpiya oʻyinlari oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Sharifjon Moʻminjonov, Tokio-2020 oltin medal sohiblari Akbar Joʻrayev (ogʻir atletika) va Ulugʻbek Rashitov (taekvondo), bronza medali sovrindori Davlat Bobonov (dzyudo), Turizm va sport vazirligi, federatsiya va assotsiatsiya mutasaddilari, shuningdek, koʻplab OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni Oybek Kasimov OAV vakillariga Olimpiadani yoritishdagi jonbozliklari uchun tashakkur soʻzi bilan boshladi.
“Avvalambor, Olimpiya oʻyinlari mobaynida sportchilarimizning ishtirokini muntazam yoritib borganlaringiz uchun tashakkur aytib oʻtmoqchiman. Bu Olimpiada biz uchun bir qator jihatlari bilan yodimizda qoldi. Jumladan, unda ishtirok etgan sportchilarimizning aksariyatini yoshlar tashkil etishdi. Ularning natijasi bizga kelgusi Olimpiya oʻyinlarida yana-da yuqori oʻrinlarni egallashimizga ishonch bermoqda. Shuningdek, ilk bor 17 sport turida qatnashganimizni, bu sport turlari geografiyasi har qachongidan ham katta boʻlganini, ilk bor 30 nafar ayol atletlarimiz Olimpiadada yurtimiz sharafini himoya qilganini aytib oʻtish lozim”, – dedi MOQ Bosh kotibi.
Tadbirda Sharifjon Moʻminjonov Paralimpiya oʻyinlariga koʻrilayotgan tayyorgarlik, qoʻlga kiritilgan yoʻllanmalar xususida toʻxtaldi:
«Ertaga asosiy delegatsiyamiz Tokioga yoʻl oladi. Davlatimizning eʼtibori bilan ushbu Paralimpiya oʻyinlariga qoʻlga kiritilgan yoʻllanmalarimiz soni rekord darajaga yetdi. Rio-2016 da 5 ta sport turida ishtirok etgan boʻlsak, bu gal 8 sport turida, 48 sportchi bilan 55 ta yoʻllanmaga ega chiqdik. Ilk bor para-taekvondo, para-akademik eshkak eshish va para-kanoe bahslarida litsenziyalarni qoʻlga kiritdik. Umid qilamizki, bu gal ham bildirilayotgan ishonchni oqlab, yorugʻ yuz bilan yurtimizga qaytib kelamiz».
Mahoratli dzyudochimiz Davlat Bobonov baʼzi sportchilarning magʻlubiyati, Olimpiadaga tayyorgarlik uchun yaratilgan sharoitlar xususida gapirib oʻtdi.
“3 oy ichida ketma-ket Osiyo chempionati, jahon chempionati va Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etdik. Osiyo chempionatida oʻz tariximizdagi eng yaxshi natijani yangilaganimizdan keyin muxlislarimizning bizga ishonchi oshganini ham his qildik. Biroq Olimpiada umuman boshqa darajadagi musobaqa ekan. Olimpiadaga tayyorgarlik jarayonida bizga Vazirligimiz, Qoʻmita va federatsiyamiz tomonidan maksimal darajada barcha sharoitilar yaratib berildi. Bellashuvlarimizdan avval Olimpiada va uning medali haqida oʻzimiz keragidan ortiq oʻylab yuborganimiz, menimcha, koʻpchilikka pand berdi. Bu faqat biz sportchilarning xatomiz boʻldi”, – dedi Olimpiada sovrindori.
Shuningdek, matbuot anjumani davomida Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Ulugʻbek Rashitov va Akbar Joʻrayevlar soʻz olib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berishdi. Qolaversa, musobaqada ishtirok etgan boshqa vakillarimiz, jumladan, Muattar Nabiyeva, Oksana Chusovitina kabilarning chiqishi, sohada yoʻl qoʻyilgan kamchilik va muammolar, Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlik kabi yoʻnalishlarda atroflicha mulohazalar bildirildi.