13 Yanvar 2022 2542

O‘zbek boksining afsonasiga atalgan “Sidney Jakson fenomeni” hujjatli filmining premerasi o‘tkazildi

Bugun poytaxtimizdagi “Cinema Palace” kino saroyining kichik zalida (sobiq «Panorama» kinoteatri) o‘zbek boks maktabining asoschisi Sidney Jakson xotirasiga bag‘ishlangan hujjatli filmning premerasi bo‘lib o‘tdi. Unda Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov va Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov, Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston boks federatsiyasi vakillari, Sidney Jaksonning qizi Paina Jakson va uning yaqinlari, Respublika olimpiya zaxiralari kolleji trener-pedagoglari, o‘zbek boksi faxriylari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirni Turizm va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shuningdek, taqdimot marosimida AQShning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi, janob Daniyel Rozenblyum ham ishtirokchilarga videomurojaat shaklida qutlov yo‘lladi.

“Sidney Jakson fenomeni” nomli hujjatli filmi “Shayxontohur-film” kinostudiyasi tomonidan “Orient Finance Bank” va “Golden House”ning mualliflik huquqini taqdim etishi asosida Turizm va sport vazirligi bilan hamkorlikda tasvirga olindi. Filmning ssenariy muallifi va prodyuseri Boris Babayev, rejissyor – Navruza Biynazova.

Hujjatli filmda afsonaviy murabbiyning O‘zbekistondagi hayot yo‘li va faoliyatining ko‘plab muhim sahifalari haqida uning qizi, hozir Toshkentda istiqomat qiluvchi Paina Jakson so‘zlab bergan. Shuningdek, filmda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisi maslahatchisi Malik Boboyev, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov, Sidney Jakson shogirdlari – boks afsonasi Rufat Risqiyev, boks faxriylari Mirsolih Sagatov, Rinat Yusupov va boshqalar ishtirok etishadi.

Text to speech