13 Yanvar 2022 1621

Asosiy yo‘nalishimiz – sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini yanada kuchaytirish

Ma’lumki, 2022 yil sport olamida ko‘plab yirik musobaqalar kutib turibdi. Atletlarimizning ishtiroki haqidagi ma’lumotlarni xalqimizga tezkor va ishonchli manbalar bilan yetkazish OAV, xususan, federatsiya va assotsiatsiyalar matbuot kotiblari oldida turgan asosiy vazifalardan biri. Shu bois MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov 2022 yil rejalari bo‘yicha matbuot kotiblari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Uni Qo‘mita raisi matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Zafar Imomxo‘jayev olib bordi.

Dastavval “Ippon Media” marketing kompaniyasi tomonidan 25 ta federatsiya va assotsiatsiyalarimiz axborot xizmatining 2021 yildagi faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan tahliliy materiali taqdimoti tanishtirildi. Bu borada kompaniya asoschisi, Xalqaro dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati vakili Jahongir Toshpo‘latov batafsil ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, shuningdek mamlakat boks va dzyudo federatsiyalari matbuot xizmatining faoliyati yuqori baholangan.

Shundan so‘ng MOQ rahbari yangi rejalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

“Bu yil barchamizni katta musobaqalar kutib turibdi. Kuni kecha Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda, bu yo‘nalishga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Hukumatimiz sizlarning faoliyatingizni to‘laligicha qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Buning uchun bizdan davlatimiz rahbari talab etayotgan tizimli, tartibli va temir intizom asosida yo‘lga qo‘yilgan ishni tashkillashtirish kutiladi. Oldimizdagi katta turnirlar va ularda sportchilarimiz erishadigan muvaffaqiyatlar orqali yurtimiz aholisi orasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini yanada kuchaytirish bu yilgi rejamizning asosiy yo‘nalishi bo‘ladi. Istardimki, matbuot kotiblari ish jarayoni davomida faqatgina musobaqalarni yoritish va statistik ma’lumotlarni berish bilan cheklanib qolmasdan, o‘zlarining tanqidiy va tahliliy maqolalari bilan jamoatchilik e’tiborini sportdagi muammolarga qaratsa va ularga yechim topishda bizga kamarbasta bo‘lishsa”, – dedi MOQ rahbari.

Yig‘ilish davomida matbuot kotiblarining faoliyatini yanada kuchaytirish uchun ularga barcha sharoitlarni yaratib berish, ularni kerakli texnikalar bilan ta’minlash va rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish kabi mavzularda atroflicha fikr va mulohazalar bildirildi.

Text to speech