12 Yanvar 2022 1783

Osiyo o‘yinlaridagi noolimpiya sport turlari vakillari bilan uchrashuv

Bu yil qit’amiz sportidagi yirik musobaqa, shubhasiz, Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tadigan XIX Osiyo o‘yinlaridir. MOQ Turizm va sport vazirligi bilan hamkorlikda ushbu yirik kompleks musobaqaga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Musobaqa tashkiliy qo‘mitasi Osiyo o‘yinlari dasturiga bir qator noolimpiya sport turlarini ham kiritgan. Medallar jamg‘arish bo‘yicha umumiy hisobda ularning ham ta’siri bo‘lgani bois, mazkur terma jamoalarimizning ham tayyorgarligi alohida e’tibor talab qiladi. Bugun MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov va uning o‘rinbosari Sherzod Tashmatov kurash, jiu-jitsu, shaxmat, ushu, karate federatsiyalarning vakillari bilan uchrashib, yaqin rejalarni muhokama qilib oldi.

2018 yil Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida mazkur sport turlari delegatsiyamiz hisobiga salmoqli medallar keltirgan bo‘lib, umumiy hisobda kuchli beshlikdan joy olishimizda o‘z hissasini qo‘shgan. Bu yil ham ushbu sport turlaridagi vakillarimizdan umid katta.

Yig‘ilish davomida MOQ rahbari Prezidentimiz va hukumatimizning har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani haqida gapirar ekan, mazkur yo‘nalishlarda terma jamoamiz vakillarining munosib tayyorlanishida yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. O‘z navbatida federatsiyalar vakillari yil davomidagi tayyorgarlik rejalarini MOQ mutasaddilari bilan muhokama qilib, birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini aytib o‘tishdi.

Text to speech