12 Yanvar 2022 1820

Tanqid nishoni ostida bu gal yengil atletika terma jamoasi murabbiylari

Bir necha kun avval MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov poytaxtimizdagi yengil atletika markaziga tashrif buyurib, u yerda mashgʻulot olib borayotgan sportchilarimiz bilan yangi mavsum oldidan uchrashuv oʻtkazgani haqida xabar bergan edik. Bugun MOQ rahbari Andrey Abduvaliyev boshchiligidagi federatsiya mutasaddilari va trenerlar shtabi bilan oldinda turgan rejalarni muhokama qildi.

Rustam Shoabdurahmonov yengil atletika markaziga tashrif buyurar ekan, “Paxtakor” stadioni atrofida uzoq masofaga yugurish mashqini oʻtkazayotgan dzyudochilarimiz bilan qisqa suhbatlashib oʻtdi. Markazda esa yengil atletikachilarimizning mashgʻulotlarini kuzatdi. Shundan soʻng murabbiylar shtabi bilan yigʻilish oʻtkazildi.

Maʼlumki, yengil atletika sogʻlom turmush tarzi targʻibotida eng muhim sport turi hisoblanadi. Turli ommaviy musobaqalarni tashkil etish orqali koʻplab insonlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish mumkin. Rustam Shoabdurahmonov yigʻilish davomida ushbu jihatga ham alohida eʼtibor berib, 2022-yil davomida oʻtkaziladigan ommaviy sport musobaqalarini koʻpaytirishga ham ahamiyat berdi.

Yengil atletika oʻzida 50 ga yaqin Olimpiya yoʻnalishlarini mujassamlashtirgan. Oʻz navbatida, sportchilarni tayyorlashdagi metodika ham bir-biridan farq qiladi. MOQ rahbari murabbiylarning oʻquv rejasi bilan tanishishni istaganda trenerlar shtabining aksariyati bu borada hujjat yuritmasligi keskin tanqidga sabab boʻldi. Rustam Shoabdurahmonov bu kabi holatlarning oldini olish uchun murabbiylar shtabini tizimli va tartibli ishlashga chorladi. Shubhasiz, uchrashuvdagi asosiy masala atletlarimizni oldinda kutib turgan muhim startlarga munosib tayyorlashga ahamiyat qaratish boʻldi. Ayniqsa, Osiyo oʻyinlarida koʻproq medallar jamgʻarish uchun sportchilarga zarur sharoitlar yaratish asosiy mavzuga aylandi.

Iyul oyida AQShning Yujin shahrida oʻtadigan jahon chempionati asosiy atletlarimiz uchun Osiyo oʻyinlaridan avval imkoniyatlarni chamalab olish borasida qulay musobaqa boʻladi. Yigʻilish yakunida atletlarimizni bosqichma bosqich jahon chempionati va Osiyo oʻyinlariga tayyorlash, mahalliy va xorijiy oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari rejasi atroflicha muhokama qilinib, kamchiliklar boʻyicha qoʻshimcha fikrlar bildirildi.

Text to speech