10 Yanvar 2022 2643

Qor polosi hamyurtlarimizda iliq taassurot qoldirdi

Prezidentimizning “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5024 hamda “Oʻzbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025-yilgacha rivojlantirish davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-5211 son Qarorlarida mazkur yoʻnalishlarni ommalashtirish yoʻlida turli musobaqalar oʻtkazish belgilangan. Ana shu vazifalarning ijrosini amalga oshirish maqsadida Boʻstonliq tumanidagi togʻ yon bagʻirlarida polo boʻyicha “SNOW POLO AMIRSOY CUP 2022” musobaqasi oʻtkazildi.

Federatsiya raisi Bahromjon Gaziyevning taʼkidlashicha, bu yilgi bellashuvlar dengiz sathidan 2200 metr balandlikda tashkil etildi. Unda “Milliy gvardiya”, “OFB”, “NRG” va “Ot sporti maktabi” jamoalari bahs olib borishdi.

Final bellashuvida “Milliy gvardiya” hamda “OFB” jamoalari oʻzaro toʻqnash kelishdi. Qiziqarli kechgan bellashuvda gvardiyachilar 3:1 hisobida gʻalaba qozonib, bu yilgi birinchilikni qoʻlga kiritdilar.
Shu tariqa, bu yilgi qor polosi bahslari oʻz yakuniga yetdi. Hukumatimiz va hamkor tashkilotlarning qoʻllab-quvvatlashi bilan oʻtkazilgan musobaqa dam olish uchun kelgan yuzlab hamyurtlarimizda iliq taassurot qoldirdi.

Oʻz navbatida, taqdirlash marosimida qatnashgan MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov musobaqa tashkilotchilari va ishtirokchilarga Olimpiya harakati aʼzolari nomidan oʻzining samimiy tilaklarini bildirib oʻtdi.

Text to speech