11 Yanvar 2022 1805

MOQ rahbari suzish murabbiylarining faoliyatini tanqid qildi

Xabar berganimizdek, ayni kunlarda suzish boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Respublika Olimpiya zaxiralari kollejida mavsumdagi ilk oʻquv-mashgʻulot yigʻinini olib bormoqda. Bugun MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov suzuvchilarimizning yigʻiniga tashrif buyurdi.

Mashgʻulot yakunlangandan soʻng MOQ rahbari sportchi va murabbiylarimiz bilan suhbatlashib, atletlarimizga yaratilgan sharoit bilan yaqindan tanishdi, ularning ijtimoiy ahvoli va muammolarini oʻrgandi. Qayd etish joiz, Rustam Shoabdurahmonov murabbiylarning faoliyati boʻyicha tanqidiy fikr bildirdi.

Mashgʻulot jarayonida trenerlarning ish jurnalidan foydalanmasligi, oʻquv-mashgʻulot rejasi va dasturlar federatsiya rahbariyati hamda Oliy sport mahorat maktabi bilan kelishilmagani, murabbiylar xonasi kerakli jihozlar bilan taʼminlanmagani yuzasidan keskin fikrlar bildirildi. Oʻz navbatida, MOQ raisi bu kabi holatlar qayta takrorlanmasligi boʻyicha mutasaddilarni qatʼiy ogohlantirdi.

2022-yil oldinda kutib turgan yirik musobaqalarda suzish boʻyicha terma jamoamiz ham ishtirok etadi. Maʼlumki, ushbu sport turi yirik kompleks musobaqalarda eng koʻp medal beradigan dasturlarga ega. Uchrashuv yakunida Qoʻmita rahbari federatsiya masʼullariga sportchilarni tayyorlashda tizimli yoʻlga qoʻyilgan ish va temir intizom bilan faoliyat olib borish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Text to speech