9 Yanvar 2022 2598

Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab “Men g‘olib” ommaviy yugurish musobaqasi tashkil etildi

Bugun poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil topganining 30 yilligi munosabati hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan “Men g‘olib” shoiri ostidagi yugurish musobaqasi o‘tkazildi.

Musobaqada mamlakatimiz Qurolli kuchlari tizimiga kiruvchi xizmatchilar hamda havaskorlar ishtirok etishdi. O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasining ma’lum qilishicha, hamyurtlarimiz orasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini yanada kuchaytirish yo‘lidagi ushbu turnir 9400 metr masofaga tashkil etildi. Reglamentga ko‘ra, “Men g‘olib” yugurish musobaqasida har bir jamoa tarkibi 30 nafar ishtirokchi, jumladan, 3 ta professional atlet hamda 3 nafar ayol sportchidan iborat bo‘lishi lozim edi.

Umumiy hisob bo‘yicha erkaklar o‘rtasida Mudofaa vazirligi vakili Shohruh Davlatov, ayollar toifasida esa Milliy Gvardiya jamoasi tarkibida ishtirok etgan Alina Hakimova oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Erkaklar:
1. Shohruh Davlatov – 27:33
2. Yevgeniy Fadeyev – 28:45
3. Otabek Toshquvvatov – 29:12

Ayollar:
1. Alina Hakimova – 34:06
2. Tamilla Kuchkarova – 34:52
3. Marjona Oqqo‘ziyeva – 37:26

Musobaqada umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Mudofaa vazirligi vakillariga bosh sovrin topshirildi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va boshqa tashkilot mutasaddilari katta qiziqish bilan kuzatib borishdi. Taqdirlash marosimida so‘z olganlar yurtimizda sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti yo‘lida hissa qo‘shgan barchaga o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirib o‘tishdi.

Text to speech