MOQ raisi bazalardagi epidemiologik nazoratni kuchaytirish boʻyicha topshiriq berdi
Bugun MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov boshchiligida Olimpiya sport turlari boʻyicha federatsiya va assotsiatsiyalar bilan joriy yil kutib turgan yirik musobaqalarga tayyorgarlik masalalari boʻyicha onlayn yigʻilish oʻtkazildi. Uchrashuvning kun tartibidagi asosiy masala federatsiyalarning moliya va sport boʻlimlari faoliyatini yanada takomillashtirish boʻldi.
Yigʻilishda MOQ rahbari bu boʻyicha batafsil toʻxtalib oʻtdi.
"Qisqa taʼtildan soʻng terma jamoalarimiz yana yigʻinlarni boshlashdi. Bazalarda qattiq nazoratni saqlab turishimiz kerak. Tokio Olimpiadasida barcha sportchilarimizning salomatligini ushlab tura oldik. Bu yil oʻtadigan yirik kompleks musobaqalar va boshqa chempionatlarda ham shunday nazoratni qoʻldan boy bermaslik lozim. Buning uchun Prezidentimiz ilgari surayotgan tizimli ish va temir intizomni yoʻlga qoʻyish talab qilinadi. Bugungi murakkab davrda sportchini tayyorlashda xorij metodikasi, turli yangiliklarni oʻrganishda davom etamiz”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.
Shuningdek, yigʻilish davomida sportchilarni ragʻbatlantirish va ularga toʻlanadigan stipendiyalar tizimini takomillashtirish, terma jamoalarga jalb etiladigan malakali xorijiy murabbiylar boʻyicha takliflar tayyorlash, sportchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, elektron hujjat aylanmasi bilan ishlashni kuchaytirish kabi mavzularda atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.