“Yangi O‘zbekiston” mamlakatimizning yosh qahramoniga quchoq ochdi
Bugun shaxmat bo‘yicha dunyoning eng yosh jahon chempioni Nodirbek Abdusattorovni taqdirlash marosimi ko‘plab mutasaddilar, hamyurtlarimiz, OAV va blogerlarning diqqat-markazidan o‘rin oldi. MOQda o‘tgan tantanali tadbirdan so‘ng ishtirokchilarning barchasi ajratilgan sayyohlik avtobuslarida shahrimiz ko‘chalari bo‘ylab hamyurtlarimiz ko‘z o‘ngida "Yangi O‘zbekiston" bog‘iga yo‘l olishdi.
Shu tariqa marosimning davomi bog‘ning bosh maydonida o‘tkazilib, unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri, mamlakat shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov, Yoshlar ishlari agentligi direktori, Senator Alisher Sadullayev va yuzlab yoshlarimiz hamda poytaxtimiz mehmonlari ishtirok etdilar.
Tadbirda Aziz Abduhakimov Nodirbek Abdusattorovni qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyat bilan yana bir bor qutlab, uning Yangi O‘zbekistonning sport solnomasiga qo‘shgan hissasi haqida gapirib o‘tdi. Shundan so‘ng Nodirbekka xalqimiz ko‘z o‘ngida Prezidentimiz tomonidan berilgan sovg‘alar yana bir bor taqdim qilindi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan marosim yakunida Nodirbek Abdusattorov ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun tashakkur aytib, kelajakda bunday ishonchni oqlashga va’da berdi. Shundan so‘ng yosh chempionimiz va yig‘ilganlar esdalik uchun suratga tushishdi.