3 Yanvar 2022 3463

Dunyoning eng yosh jahon chempioniga 2 xonali uy, 250 million so‘m va davlat mukofoti topshirildi

Xabaringiz bor, 26-30 dekabr kunlari Polshada shaxmatning blits va rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazilib, unda hamyurtimiz, 17 yoshli Nodirbek Abdusattorov rapid yo‘nalishida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Qayd etish joiz, ushbu muvaffaqiyat bir necha kun davomida sport olamidagi barcha nashrlarni larzaga keltirdi. 

Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida sportchimizni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari, Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri, mamlakat shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov, Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, Yoshlar ishlari agentligi direktori, Senator Alisher Sadullayev, Nodirbek Abdusattorovning yaqinlari, keng sport jamoatchiligi, bir qator OAV va blogerlar ishtirok etishdi. 

Tadbir avvalida Abdujabbor Abduvohidov Nodirbek Abdusattorovga “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti berilishi to‘g‘risidagi Prezident farmonini o‘qib eshittirdi. Sherzod Asadov chempionimizga Toshkent shahridan ikki xonali uy kalitini topshirgan bo‘lsa, Aziz Abduhakimov Nodirbek Abdusattorovga 250 million, uning murabbiylari Jahongir Vohidov hamda marhum Dmitriy Qayumovning oilasiga 100 million so‘mdan, blits yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionatida 8-pog‘onadan joy olgan Javohir Sindorovga 50 million, munosib ishtiroki uchun Shamsiddin Vohidovga 25 million so‘mdan pul mukofotlarini topshirdi. 

Tadbirning badiiy qismida O‘zbekiston va Qolaqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa’diyev, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Said ham Abdusattorovga o‘zlarining tabriklarini yo‘lladilar. 

Shubhasiz, bunday e’tibordan sportchimiz va uning ota-onasi faxr hissini tuyishdi. 

“Prezidentimiz va hukumatimizning bunday e’tiboridan xursandman. Nasib qilsa, kelgusida klassik yo‘nalishda ham jahon tojini kiyishga va’da beraman. Bu yo‘lda meni qo‘llab-quvvatab turgan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”, – dedi Nodirbek Abdusattorov. 

Marosim yakuniga yetgach, OAV va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. 

Shuning bilan tadbirning dastlabki qismi o‘z yakuniga yetdi. Sportchimizni qutlash marosimining davomi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida yuzlab hamyurtlarimiz ko‘z o‘ngida o‘tkazilmoqda. Bu haqida kelgusi mateliarimizda batafsil ma’lumot beramiz.

Text to speech