28 Dekabr 2021 2989

Oybek Kasimov Xitoy Xalq Respublikasi elchixonasining mas'ullarini qabul qildi

Bugun O'zbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov Xitoy Xalq Respublikasining O'zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisining maslahatchisi Chi Runlinni bilan uchrashdi.

Samimiy o'tgan uchrashuvda ikki mamlakatning sport sohasida olib borayotgan do'stona aloqalarini yanada mustahkamlash, yaqinlashib kelayotgan Pekin-2022 qishki Olimpiya o'yinlarida delegatsiyamiz uchun qulayliklar yaratish kabi masalalar muhokama qilindi.

"Davlatimiz rahbarlarining iqtisod, siyosat, madaniyat kabi sohalarda olib borayotgan chuqur hamkorliklarini sport yo'nalishida olib borayotganimizdan bag'oyat mamnunmiz. Xitoy dunyodagi yetakchi sport derjavalaridan biri. Epidemiologik vaziyat ortga chekinishni boshlagan vaqtda O'zbekiston va Xitoy Milliy Olimpiya qo'mitalari o'zaro hamkorlik memorandumini imzolagan edi. Prezidentimiz barpo etayotgan yangi O'zbekiston sportini rivojlantirishda Xitoy tajribasidan foydalanish biz uchun foydali", – dedi Oybek Kasimov.

O'z navbatida Chi Runlin ham yo'lga qo'yilgan hamkorlikdan mamnun ekanini ta'kidladi.

"Avvalambor, Toshkent shahri 2025-yil o'tkaziladigan yoshlar Osiyo o'yinlariga mezbonlikni qo'lga kiritgani bilan samimiy qutlaymiz. O'zbekistonlik sportchilarning yirik musobaqalardagi ishtirokini kuzatib boraman. Prezidentning e'tibori bilan O'zbekiston ko'p yo'nalishlarda bo'lgani kabi sport sohasida ham ulkan yutuqlarga erishmoqda. Shuningdek, Pekin-2022 qishki Olimpiya o'yinlarida O'zbekiston delegatsiyasining ishtiroki bo'yicha amaliy yordam qilishga tayyormiz", – dedi Xitoy elchisining maslahatchisi.

Xitoy 2022-yilning o'zida qishki Olimpiya o'yinlari, yozgi Osiyo o'yinlari, Butunjahon universiadasi, yoshlar Osiyo o'yinlari kabi yirik kompleks musobaqalarni qabul qiladi. O'z navbatida, Oybek Kasimov bo'lajak musobaqaga tayyorlanishda Xitoy tajribasini o'rganish va undan foydalanish haqida fikr almashdi. Shuningdek, MOQ Bosh kotibi delegatsiyamizning Pekin-2022 qishki Olimpiya o'yinlariga tayyorgarlik ko'rayotgani haqida ma'lumot berdi.

Text to speech