30 Dekabr 2021 3269

Akbar Jo'rayev va Bahodir Jalolov 2021-yilning eng yaxshi sportchilari deb topildi

Poytaxtimizdagi "Hilton" mehmonxonasida turizm va sport vazirligi tomonidan 2021-yilning eng yaxshilarini aniqlash bo'yicha "Uzbekistan Sport Awards-2021" tadbiri tashkil etildi. Unda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ mutasaddilari va keng sport jamoatchiligi ishtirok etdi.

Tadbirni Aziz Abduhakimov ochib berar ekan, Prezidentimiz boshchiligida sportimizni rivojlantirish bo'yicha olib borilayotgan islohotlar, sa'yi-harakatlar, yosh sportchilarimizga yaratib berilayotgan sharoit haqida to'xtalib, ortda qolgan yilda erishilgan muvaffaqiyatlarimiz uchun barchaga o'z minnatdorchiligini bildirib o'tdi. Shundan so'ng tantanali taqdirlash marosimiga navbat berildi. Unga ko'ra, quyidagi yo'nalishda munosiblar taqdirlanishdi:

Sport sohasidagi ko'p yillik mehnati uchun – Bahodir Maxsitov, O'zbekiston sport faxriylari kengashi raisi
Yilning eng faol sport targ'ibotchisi – Mudofaa vazirligi sport markazi
Yilning eng faol jurnalisti – Shafoat Tolipjonova, "Sport" telekanali muxbiri
Yilning eng yaxshi fotomuxbiri – Alimurod Mamadaminov, O'zA fotomuxbiri
Yilning eng faol sport muxlisi – Abdurahmon Fozilov
Sport yo'nalishida yilning eng faol matbuot xizmati – O'zbekiston futbol assotsiatsiyasining matbuot xizmati
Yilning eng faol sport sayti – sports.uz sayti
Yilning eng yaxshi sport shifokori – Dilshodbek Mahmudov, MOQ qoshidagi RSTIAM bosh shifokori
Yilning eng yaxshi hududiy turizm va sport bosh boshqarmasi – Farg'ona viloyati turizm va sport bosh boshqarmasi
Yilning eng faol sport blogeri – Hilola Isoqova
Yilning eng yaxshi terma jamoasi – og'ir atletika bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi
Yilning eng faol sport maktabi – Buxoro tumani BO'SM
Yilning eng yaxshi murabbiyi – Pavel Xan, taekvondo WT bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi
Yilning eng yaxshi yosh sportchisi (qizlar o'rtasida) – Nigina O'ktamova, boks bo'yicha yoshlar o'rtasidagi jahon chempioni
Yilning eng yaxshi yosh sportchisi (o'g'il bolalar o'rtasida) – Kamronbek Qadamov, erkin kurash bo'yicha yoshlar o'rtasidagi jahon chempioni
Yilning eng tomoshabob sport tadbirlari tashkilotchisi – O'zbekiston aralash jang san'ati assotsiatsiyasi
Yilning eng matonatli erkak sportchisi – Elbek Sultonov, para yengil atletika bo'yicha Tokio-2020 Olimpiadasi sovrindori
Yilning eng matonatli ayol sportchisi – Nurxon Qurbonova, para yengil atletika bo'yicha ikki karra Tokio-2020 Olimpiadasi sovrindori
Yilning eng yaxshi para sport murabbiyi – Sardor Abduxalikov, para yengil atletika bo'yicha terma jamoa bosh murabbiyi
Yilning eng yaxshi yosh matonatli sportchisi (o'g'il bolalar o'rtasida) – Boburjon Omonov, para yengil atletika bo'yicha Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni
Yilning eng yaxshi yosh matonatli sportchisi (qizlar o'rtasida) – Asila Mirzayorova, para yengil atletika bo'yicha Tokio-2020 Olimpiadasi sovrindori
Yilning eng saxiy sport homiysi – "Qizilqumtsement", OKMK, "O'zbekiston temir yo'llari" aktsiyadorlik jamiyatlari va OFB xususiy aktsiyadorlik tijorat banki
Yilning eng halol hakami – Ramziddin Saidov, dzyudo bo'yicha xalqaro toifadagi hakam
Yilning eng yaxshi sport federatsiyasi – O'zbekiston kamondan otish federatsiyasi
Yilning eng intiluvchan federatsiyasi – O'zbekiston o'q otish sporti federatsiyasi
Sport sohasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qo'shgan hissasi uchun – Otabek Umarov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti
Yil kashfiyoti – Ulug'bek Rashitov, taekvondo WT bo'yicha Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni
Muxlislar tanloviga ko'ra yilning eng yaxshi sportchisi – Bahodir Jalolov, boks bo'yicha Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni
Respublika komissiyasi xulosasiga ko'ra yilning eng yaxshi sportchisi Milliy kubogi sohibi – Akbar Jo'rayev, og'ir atletika bo'yicha Tokio-2020 Olyimpiadasi chempioni

Text to speech