2 Yanvar 2022 4216

Shaxmat bo‘yicha eng yosh jahon chempioni kutib olindi

26-30 dekabr kunlari Polshada o‘tkazilgan shaxmatning rapid va blis yo‘nalishlar bo‘yicha jahon chempionatida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, rapid dasturida chempionlikni qo‘lga kiritgan Nodirbek Abdusattorov va terma jamoamizning boshqa vakillari Toshkentga qaytib kelishdi. Yarim tun bo‘lishiga qaramasdan qahramonlarimizni kutib olish uchun ko‘plab OAV, muxlislar va shaxmatchimizning yaqinlari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘lishdi.

Yosh shaxmatchimiz o‘z intervyusida bunday yuksak natijalar Prezidentimizning yoshlarga yaratib berayotgan keng imkoniyatlari va qo‘llab-quvvatlashi bilan qo‘lga kiritilayotganini alohida ta’kidlab, kelgusida klassik yo‘nalishda jahon tojini kiyish niyatida ekanini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 17 yoshli Nodirbek Abdusattorov rapid dasturida Magnus Karlsen, Yan Nepomnyashiy kabi jahon shaxmat ustalarini mag‘lub etib, ushbu yo‘nalishda chempionlikni qo‘lga kiritgan dunyoning eng yosh grossmeysteriga aylandi. Shuningdek, mazkur musobaqada yana 3 nafar vakilimiz ham ishtirok etib, kuchlilar qatorida e’tirof etilgan.

Text to speech