31 Dekabr 2021 2844

Baliqchilik yosh ogʻir atletikachilar uchun qoʻshaloq bayram

Andijon viloyatining Baliqchi tumani Olimpiya oʻyinlari rekordchisi Muattar Nabiyevadek mahoratli ogʻir atletikachimizni yetishtirib bergan hudud sanaladi. Hozirda Baliqchida Muattar singari jahon arenalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilishni istovchi yosh oʻgʻil-qizlar koʻp. Bayram arafasi ana shunday yoshlar uchun oʻziga xos bayram tuhfasi hadya etildi.

Tuman markazida zamonaviy sharoitlarga ega ogʻir atletika zali tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Ushbu tadbirda Baliqchi tumani hokimi Jasurbek Abduraimov, tuman sektorlari rahbarlari, “SAMO” kompaniyasi bosh direktori, senator Akromjon Gʻaniyev, Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Olimpiya oʻyinlari chempionlari Ruslan Nurudinov va Akbar Joʻrayev hamda koʻplab andijonlik yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbir davomida chempionlarimiz yosh sportchilarga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar katta ekani haqida gapirib, bundan unumli foydalangan holda Vatanimiz va oʻz nomlarini dunyoga tanitish uchun astoydil mehnat qilish zarurligini taʼkidlashdi. Bir soʻz bilan aytganda, ushbu zal baliqchilik yoshlarning bayramona kayfiyatiga yanada quvonch ulashdi.

Tuman hokimiyati tashabbusi bilan qurilgan ushbu zalga Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi kerakli inventarlarni yetkazib berdi. Shuningdek, ushbu maskanning ochilishida xizmat qilgan mutasaddi rahbar va boshqa vakillarga federatsiyasining esdalik sovgʻalari topshirildi.

Text to speech