26 Noyabr 2021 1844

Kuchli yigʻinlar – yuqori natijalar kafolati

Maʼlumki, ayni kunlarda federatsiya va assotsiatsiyalarimiz Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik boʻyicha oʻzlarining strategik rejalarini himoya qilishmoqda. Turizm va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Sport turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi vakillari bilan oʻtayotgan mazkur uchrashuvlarda barcha masalalar, muammo va kamchiliklar oʻrtaga tashlanmoqda.

Yigʻilishlarning yana bir ahamiyatli tomoni unda yangi Olimpiya siklida terma jamoa tarkibi va Parij-2024 litsenziyalariga daʼvogar boʻlgan sportchilar ham ishtirok etishmoqda. Bundan atletlar bilan yuzma-yuz suhbatlashish, ularning ichidagi shijoatni, gʻoliblik ruhini uygʻotish koʻzlangan. Afsuski, bunday ishtiyoq barcha sportchilarda ham koʻrinmayapti. Suhbat davomida ular kichik muammolarni oʻrtaga tashlashmoqda. Albatta, koʻzlarida gʻalabaga boʻlgan ishtiyoq va olov yonmayotgan baʼzi sportchilar bilan jismoniy mashgʻulotlardan tashqari maʼnaviy va ruhiy yoʻnalishlarda ishlash kerak.

Musobaqaga tayyorgarlikda tashkiliy jihatdan barchasi yaxshi boʻlishi mumkin, biroq idrok va vatanga boʻlgan muhabbat uygʻunlashmas ekan, kerakli natijaga erishish dargumon. Musobaqada ring, gilam, tatami, yoʻlaklar, havzalar yoinki, sport maydonlari atletning qanday tayyorgarlik koʻrgani, uning real imkoniyatini ochiq oydin koʻrsatadi. Shu bois mutasaddilar uchrashuvlarda barcha jihatga alohida eʼtibor qaratishmoqda.

Prezidentimizning “2024-yil Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi Qarorida moliyaviy yoʻnalishda ham yangicha tizim ish olib borishini alohida qayd etib oʻtish joiz. Bu borada Moliya vazirligining Gʻaznachilik boʻlimi bilan hamkorlikda “UzASBO” tizimi bilan ishlash yoʻlga qoʻyilmoqda. Ushbu tizim sarflanayotgan mablagʻlarning shaffofligini, hisobdorligini taʼminlashda yordam beradi. Bu orqali federatsiya va assotsiatsiyalarning mazkur yoʻnalishdagi faoliyatiga yengillik yaratish koʻzda tutilgan.

Hafta davomida Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ mutasaddilari Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorlanayotgan terma jamoamizning asosiy vakillari uchun barcha sharoitlarni yaratib berish, mahalliy va xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini yuqori saviyada tashkillashtirish mavzusida uchrashib, bir qator masalalarni muhokama qilib oldilar.

Text to speech