25 Noyabr 2021 2270

“Coca Cola Uzbekistan” Bosh direktori MOQga tashrif buyurdi

Bugun MOQ rahbariyati “Coca Cola Uzbekistan” kompaniyasining Bosh direktori Ezel Agaogluni qabul qilib, hamkorlik loyihalari boʻyicha suhbat oʻtkazdi. Yigʻilishda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov ishtirok etdi.

Suhbatda MOQ raisi mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzi targʻibotini kuchaytirishga qaratilayotgan eʼtibor xususida toʻxtalib oʻtdi.

“Davlatimiz tomonidan aholimiz salomatligini mustahkamlashga juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimizning shiorlaridan biri ham sogʻlom turmush tarzi targʻibotini kuchaytirishga qaratilgan. Bu borada koʻplab qonun hujjatli, Qaror va farmonlar imzolangan. Turizm va sport vazirligi bilan hamkorlikda joriy yil “Sportni sev, sport bilan yasha!” ommaviy musobaqasini yoʻlga qoʻyganmiz. Bundan koʻzlangan maqsad yurtimiz aholisi, ayniqsa, yoshlarning boʻsh vaqtlarini sport bilan band qilish”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Oʻz oʻrnida Ravshan Irmatov ham kompaniyaning Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, xususan, Professional futbol ligasi bilan 3 yildan beri hamkorlikda faoliyat olib borayotganini alohida taʼkidladi. OʻFA birinchi vitse-prezidenti uchrashuv davomida Ezel Agaogluni 4-dekabr kuni Samarqand shahrida oʻtadigan Oʻzbekiston kubogining final uchrashuviga taklif etib qoldi.

Ezel Agaoglu samimiy qabul uchun minnatdorchilik izhor qilib, kelgusida hamkorlik loyihalarini koʻrib chiqish, futbol va Olimpizm targʻiboti bilan birgalikda ishlash kompaniyaning istiqbolli rejalaridan biri ekanini taʼkidladi.

Text to speech