23 Noyabr 2021 1819

Zaynab Dayibekova: “Endi birinchi oʻrindan tushmaymiz”

20-21-noyabr kunlari Toshkent mezbonligida oʻtgan qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi Jahon kubogida qizlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, ham yakkalik, ham juftlik yoʻnalishida gʻalaba qozonishdi. Bugun MOQda ularning zafarlari munosabati bilan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova, terma jamoamiz murabbiyi, 3 karra Olimpiya oʻyinlari chempioni Vladimir Nazlimov, musobaqada yurtimiz sharafini himoya qilgan qilichbozlarimiz, yosh sportchilar va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Yigʻilish avvalida Zaynab Dayibekova oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi:

“Musobaqada yakkalik bahslaridan koʻra jamoaviy dastur qiyin boʻldi. Negaki, unda bir oʻzimiz emas, jamoamiz shaʼni uchun ham jang qilamiz. Avvalgi musobaqalarda jamoaviy dasturda hech qachon birinchi boʻlmagan edik. Bu galgi gʻalabamiz bizga yanada kuch berdi. Endi bu oʻrindan hech qachon tushmaslik uchun harakat qilamiz. Shu oʻrinda bizga shugʻullanishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotgan davlatimizga jamoamiz nomidan minnatdorchilik bildirib qolaman.

Shuningdek, jamoa murabbiyi Vladimir Nazlimov hozirgi avlod kelajakda jahonning eng kuchli sportchilari boʻlishiga umid bildirayotganini taʼkidladi.

“Hozir federatsiyamizda boʻlayotgan oʻzgarishlar oʻz natijasini koʻrsatmoqda. Mamlakatingizda yaratilgan sharoitlar dunyoning barcha davlatlarida ham yoʻq. Faqat yetakchi sport derjavalarida uchratish mumkin. Oldimizga qoʻyilgan maqsadlarga yetishish faqat oʻzimizga bogʻliq”, – dedi 3 karra Olimpiya oʻyinlari chempioni V.Nazlimov.

Anjuman davomida jurnalistlar jamoamizning oldindagi rejalari, musobaqa taassurotlari va boshqa mavzularda oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Text to speech