23 Noyabr 2021 1968

Oʻzbekiston MOQ ham “Yashil makon” loyihasiga oʻz hissasini qoʻshdi

Shu kunlarda yurtimiz boʻylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga tatbiq qilinmoqda. Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi ham faol ishtirok etib, poytaxtimiz atrof-muhitini yaxshilashga hissa qoʻshdi.

Kun davomida Qoʻmitamiz xodimlari poytaxtimizning Labzak mavzesi, “Nurafshon” koʻchasida joylashgan hududda ish olib bordi. Hamkasblarimiz bu koʻchaning yoʻl chetidagi maydonlariga 300 tupdan ziyod manzarali daraxt koʻchatlarini ekishdi.

“Jamoamiz bilan ushbu umummilliy loyihaga oʻz hissamizni qoʻshayotganimizdan mamnunmiz. Oʻzimiz ham ancha joyga bunday koʻchatlarni ekib chiqqanimizni koʻrib gʻururlandik. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida poytaxtimiz ekologiyasini yaxshilashga hissa qoʻshganimizdan xursand boʻldik. Kuni kecha poytaxtimizda yuzaga kelgan chang boʻroni sabab atrof-muhitga katta talafot yetdi. Shahrimizda daraxtlar qancha koʻp boʻlsa, ekologiyamiz uchun shunchalik foydali boʻladi”, – dedi Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov.

Taʼkidlash joiz, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish yoʻnalishidagi bunday xayriya tadbirlari salomatligimiz va sogʻlom turmush darajamizni yuqori pogʻonaga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega.

Oʻtgan yil mart oyida tashkil etilgan umummilliy hasharda ham MOQ aynan ushbu joyda 300 tup koʻchat ekkan edi. Bugun ular koʻkka boʻy choʻzib, toza havodan nafas olishimizga hissa qoʻshmoqda. Umid qilamizki, bugun ekilgan nihollar ertaga poytaxtimiz goʻzallagiga koʻrk qoʻshadi.

Text to speech