23 Noyabr 2021 2009

BAAga safar delegatsiyamiz uchun har tomonlama sermahsul va samarali oʻtdi

BAAning Dubay shahrida boʻlib turgan delegatsiyamiz Osiyo Olimpiya kengashi (OOK)ning 40-Bosh Assambleyasi doirasida mamlakatimizda sport taraqqiyotini yanada kuchaytirish, xorij davlatlari bilan tajriba almashish boʻyicha bir qator uchrashuvlarda ishtirok etishdi. Jumladan, delegatsiyamiz rahbari, OOK vitse-prezidenti Otabek Umarov qitʼamizda Olimpiya harakatida yuksak taraqqiy etgan davlatlarining sport sohasi yetakchilari, Milliy Olimpiya qoʻmitalari va Xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Mazkur tadbirlarda Oʻzbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qoʻmita raisi oʻrinbosari Azizjon Kamilov ham qatnashdi.

Dasturning muhim uchrashuvlaridan biri Iordaniya Olimpiya qoʻmitasi prezidenti, Qirollik Oliy Hazratlari Faysal Al Husayn bilan oʻtdi. Xalqaro sport tashkilotlarida yirik amaliy tajribaga ega, OOK va XOQning qator komissiya va qoʻmitalari raisi va aʼzosi boʻlgan shaxs uchrashuv davomida mamlakatimizda Olimpiya harakati rivojidan yaxshi xabardorligini koʻrsatdi.

Tan olish lozim, Iordaniya soʻnggi yillarda futbol, boks, taekvondo kabi sport turlarida sezilarli oʻsishga erishmoqda. Uchrashuvda terma jamoalarimizning xalqaro maydondagi ishtirokini yuksaltirish, natijalarni yaxshilash maqsadida oʻzaro tajriba almashish, qoʻshma oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish, yirik musobaqalarga birgalikda tayyorlanish boʻyicha fikr almashildi. Samimiy ruhda oʻtgan suhbatda u oʻz tajriba va koʻnikmalari bilan oʻrtoqlashdi.

“Bizda koʻplab salohiyatli aloqa nuqtalari va rivojlanish yoʻnalishlari mavjud, shuning uchun muzokaralarning asosiy qismi boʻlajak yirik musobaqalarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha hamkorlik masalalariga bagʻishlandi. Ishonchim komilki, biz hamkorlikning yangi bosqichiga qadam qoʻydik, bu ikki davlat uchun ham manfaatlidir.” – dedi uchrashuv yakunlariga koʻra Otabek Umarov.

Delegatsiyamiz aʼzolari safar davomida Birlashgan Arab Amirliklari Milliy Olimpiya qoʻmitasi prezidenti Shayx Ahmad bin Muhammad bin Roshid Al Maktum va BAA Sport bosh boshqarmasi raisi, mamlakat MOQ vitse-prezidenti Doktor Ahmad Abdulloh Xumeid Bel Xul Al Falasi bilan alohida uchrashishdi. Suhbatda Oʻzbekistonning koʻplab sport yoʻnalishlaridagi yetakchilik pozitsiyalari alohida qayd etildi. BAA, oʻz navbatida, bunday salmoqli natijalarga erishish imkonini beruvchi tajribani oʻzlashtirishdan manfaatdor.

Delegatsiyamiz rahbari oʻz navbatida Shayx Ahmad bin Muhammad bin Roshid Al Maktumga koʻrsatilgan mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirib, quyidagi fikrlarni ilgari surdi: “Professional sportchi mamlakatning asosiy sport amaldorlaridan biriga aylangani amirliklarda jismoniy tarbiya va sport taraqqiyotiga xizmat qiladi. Oliy Hazratlari Yaqin Sharq uchun anʼanaviy boʻlgan ot sporti boʻyicha koʻplab mukofotlar va xalqaro unvonlar sohibidirlar. Ishonchim komilki, ushbu uchrashuv har ikki mamlakat Milliy Olimpiya qoʻmitalari oʻrtasida yanada yaqin hamkorlikka yoʻl ochadi, bu esa oʻz navbatida OOKning strategik maqsadlaridan biridir. Agar bugun biz tashkilotimizning ikki muhim aʼzosi hamkorligiga turtki bera olgan boʻlsak, buning oʻzi katta muvaffaqiyatdir.” – deya oʻz fikrlarini izhor qildi Otabek Umarov.

Osiyo xokkey federatsiyasi Bosh kotibi Muhammad Tayab Ikrom bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda yurtimizda sportning ushbu turini yanada rivojlantirish, bunda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi. Maʼlumki, ushbu mutaxassis mamlakatimizga koʻp bor tashrif buyuradi va Oʻzbekistonda chim ustida xokkey sportini rivojlantirish uchun katta yordam berib kelmoqda. Uning saʼy-harakatlari bilan Andijon viloyatida ushbu sportga ixtisoslashtirilgan zamonaviy maydon qurilgan edi.

Shuningdek, bu inson ishtirokida 2019-yil dekabr oyida poytaxtimizda yangi chim ustida xokkey maydonining qurilishiga tamal toshi qoʻyilgan. Uning tashabbusi bilan “Olimpiya birdamligi” tashkiloti orqali koʻrsatilayotgan koʻmak beqiyos. Ushbu koʻmak sharofati bilan Toshkentda birdaniga ikkita chim ustidagi xokkey maydonchasi tashkil etilmoqda. Bu esa 2025-yil Toshkentda oʻtadigan yoshlar Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan ushbu yoʻnalishdagi oʻyinlarni yuqori saviyada oʻtkazish imkonini beradi. Oʻz navbatida, Muhammad Tayab Ikrom soʻnggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan keng koʻlamdagi islohotlar, sport rivojiga qaratilayotgan eʼtibor haqida oʻzining iliq fikrlarini bildirib oʻtdi.

Mazkur uchrashuvlar davomida OOK vitse-prezidenti Otabek Umarov davlatimiz rahbari tomonidan jismoniy tarbiya va sport, sogʻlom turmush tarzi targʻiboti boʻyicha olib borilayotgan amaliy ishlar, hukumatimizning bu borada qabul qilayotgan normativ hujjatlari haqida gapirib berdi.

Shuningdek, Osiyo Olimpiya kengashining Bosh assambleyasi doirasida OOK Prezidenti vazifasini bajaruvchi Raja Randxir Singx va OOK bosh direktori doktor Husayn Al-Musallam bilan muzokaralar, Milliy Olimpiya qoʻmitalari assotsiatsiyasi rahbari Robin Mitchell hamda Tashkilot Bosh kotibi Gunilla Lindberg bilan samarali muloqot oʻtkazildi. Sohaning yetakchi mutaxassislari bilan tajriba almashish oʻzbek sporti uchun har tomonlama foydalidir. Mazkur yigʻilishlar orqali yurtimiz sporti rivojini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha bir qator istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Text to speech