Shuningdek, faxriy mehmon tashrif doirasida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ham boʻladi. Unda oliygoh bilan BAA hamda Oʻzbekiston karate federatsiyalari oʻrtasida uch tomonlama memorandum imzolanadi. Unga muvofiq, Osiyo karate federatsiyasi Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining karate boʻlimida tatami va sport jihozlarini taqdim etishi koʻzda tutilgan.
Osiyo karate federatsiyasi (AKF) rahbari bilan istiqbolli rejalar muhokama qilindi View Larger Image
Shu kunlarda Osiyo karate federatsiyasi (AKF) prezidenti, general-mayor Nasser Abdulrazak Al Razuki boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan yurtimizda mehmon boʻlib turibdi. Bugun kunning ikkinchi yarmida faxriy mehmon boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Turizm va sport vazirligiga tashrif buyurishdi. Ularni bu yerda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov kutib oldi.
Shuningdek, ikki tomonlama muzokaralarda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Osiyo karate federatsiyasi vitse-prezidenti, Oʻzbekiston karate federatsiyasi raisi Alamjon Mullayev va boshqalar ishtirok etishdi.
Uchrashuvda A.Abduhakimov soʻnggi yillarda yurtimizda karate sport turini tobora ommalashtirishga berilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik borasida toʻxtalib, bunga javoban oʻzbekistonlik sportchilar xalqaro maydonlarda oʻz soʻzlarini aytishayotganligini taʼkidladi. Jumladan, yaqinda BAAning Dubay shahrida oʻtkazilgan kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatida hamyurtimiz Doston Otabolayevning gʻalaba qozongani va bu mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi ilk oltin medal sifatida tarixga kirgani mamlakatimizda karate sporti rivojida sezilarli yutuqlarga erishilganidan darak berishini eʼtirof etdi.
Oʻz navbatida janob Nasser Abdulrazak Al Razuki yurtimizda sport sohasiga, xususan karate sportini rivojlantirishga hukumat darajasida eʼtibor qaratilayotganidan mamnunligini bildirib, Oʻzbekiston tajribasini qitʼamizning boshqa mamlakatlarida ommalashtirishni taklif qildi. Shu bilan birga, mehmondoʻstlik va samimiy qabul uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.