Bugun Osiyo Olimpiya kengashining Bosh Assambleyasi o‘z ishini boshlaydi
Bugun Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida Osiyo Olimpiya kengashining (OOK) Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tadi. Mazkur tadbirdan avval tashkilot Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Ijroiya qo‘mita a’zosi sifatida Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, shuningdek, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o‘rinbosari Azizjon Kamilov ishtirok etdi. Yig‘ilish kun tartibida qit’amiz sportida kutilayotgan yirik kompleks musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha fikrlar almashildi.
Tadbirda Osiyo Olimpiya kengashining boshqa rahbariyat vakillari qatorida Milliy Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining amaldagi rahbari Robert Mitchel va Bosh kotibi Gunilla Lindberg ham qatnashdi.
Bugun OOKning 40-Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tadi. Unda tashkilot vitse-prezidentlari, jumladan, Otabek Umarov Olimpizm targ‘iboti, uni yangi bosqichga olib chiqish, belgilangan kompleks musobaqalarga tayyorgarlik haqida taqdimot namoyish etishadi. Oybek Kasimov tadbir ishtirokchilarini mamlakatimizda “Toshkent-2025” IV yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishtiradi.
Tadbirning kelgusi mezboni aniqlangach Bosh Assambleya o‘z ishini yakunlaydi.
Assambleya tafsilotlari bilan kelgusi xabarlarimizda tanishtirib o‘tamiz.