Poytaxtimizda “Save Aral” marafoni o‘tkazildi
Ma’lum qilganimizdek, bugun Toshkentda “Save Aral” xayriya marafoni bo‘lib o‘tdi. “Paxtakor” markaziy stadionida o‘tgan tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan mutasaddilar musobaqa haqida o‘zlarining iliq fikrlarini bildirishdi.
Mazkur loyiha Respublikamizning barcha viloyatlarida o‘tkazilib kelindi. Bugungi poygalar esa joriy yilgi tadbirlarning mantiqiy yakuni bo‘ldi. Uni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimiz ekologiyasi barqarorligiga xissa qo‘shish, shunday ommaviy sport tadbirlari orqali aholimiz orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdir. Poyga avvalida o‘tgan ochilish marosimida mutasaddilar Prezidentimiz tashabbusida olib borilayotgan bunday tadbirlar hamyurtlarimiz orasida yanada ommalashib borayotganini alohida ta’kidlashdi.
Musobaqa doirasida yurtimizda endi rivoj topib borayotgan Ekiden marafoni ham o‘tkazildi. Reglamentga ko‘ra, unda bir nechta jamoa ishtirokchilari marafonda belgilangan masofani estafeta tarzida bosib o‘tishdi. Unda MOQ raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ham ishtirok etdi.
Ta’kidlash joiz, loyihadan tushgan mablag‘lar atrof-muhit barqarorligini ta’minlash yo‘nalishiga safarbar etiladi.