Shuningdek, Kongress doirasida IWFning vaqtinchalik rahbari Maykl Irani, Bosh kotib Muhammad Jalud ham soʻzga chiqib, Toshkentda oʻtgan dunyo birinchiligiga yuqori baho berishdi va ushbu sport istiqboli haqida oʻz fikrlarini bildirdilar. Tadbir davom etadi. Uning batafsil tafsilotlari bilan kelgusi materiallarimizda tanishtirib oʻtamiz.
Toshkentda IWFning Kongressi boʻlib oʻtmoqda
Koʻtarinki kayfiyatda oʻtgan kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatidan soʻng poytaxtimizda IWF (Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi) kongressi boshlandi. Unda tashkilotning ortda qolgan yildagi sarhisobi, yangi rejalar muhokama qilinmoqda.
Tadbir doirasida Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari, Osiyo ogʻir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti, IWF Ijroiya qoʻmitasi vakili Shahrullo Mahmudov ham soʻzga chiqib, ortda qolgan JCh, ogʻir atletika sportining rivoji haqida fikr bildirib oʻtdi.
“Jahon chempionatini tashkillashtirishda va yuqori saviyada oʻtkazishdagi keng koʻlamdagi koʻmak uchun Oʻzbekiston Respublikasi hukumatiga alohida tashakkur bildirmoqchiman. Dunyo ogʻir atletikasi – bitta katta oila. Oʻzbekiston uning faol aʼzosi. Shu maʼnoda biz, sport turimizning rivoji yoʻlida doimo hamjihat boʻlishni qoʻllab-quvvatlaymiz. Toshkentda hammamizga cheksiz hayajon baxsh etgan musobaqa, unda oʻrnatilgan yangi rekordlar, yangi jahon chempionlari, yangi isteʼdodli sportchilarning kashf etilishi barchamizning gʻalabamizdir. Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasining keyingi keng qirrali faoliyatida, sport turimizning rivojida barchamiz hamjihat va yakdil ekanligimizni alohida taʼkidlayman”, – dedi Sh.Mahmudov.