19 Noyabr 2021 2879

Toshkent 2025-yilgi yoshlar o‘rtasida Paraosiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi

Yurtimizda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini taʼminlash va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlatimiz tomonidan alohida etibor qaratilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorning imzolanishi va uning asosida mamlakatimizda Paralimpiya qo‘mitasining tashkil etilishi paralimpiya sport turlarini ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimi uchun yo‘l ochib berdi.

Sportning bu yo‘nalishiga ko‘rastilayotgan eʼtibor natijasida 2025 yilgi yoshlar o‘rtasida Paraosiyo o‘yinlariga Toshkent ilk bor mezbonlik qiladi. Bu haqda Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid tomonidan O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi nomiga yuborilgan xatda maʼlum qilingan.

Joriy yilning may oyida Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid yurtimizga tashrif buyurgan edi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov faxriy mehmon bilan uchrashib, 2025 yilgi yoshlar o‘rtasida Paraosiyo o‘yinlarini Toshkent shahrida o‘tkazish taklifini ilgari surgandi.

Kuni kecha Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi bu borada o‘zining yakuniy qarorini eʼlon qildi va unga ko‘ra, 2025 yilgi yoshlar o‘rtasida Paraosiyo o‘yinlari mezbonligi Toshkentga taqdim etildi.

Taʼkidlash lozim, 2025 yilgi yoshlar o‘rtasida IV Paraosiyo o‘yinlarini qabul qilish uchun qitʼamizning bir qator yetakchi davlatlari daʼvogarlik qilishgan edi. Yakunda Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi Toshkent shahri nomzodini qo‘llab-quvvatladi. Mamlakatimizda paralimpiya sport turlarini rivojlantirishga shaxsan yurtboshimiz tomonidan alohida eʼtibor qaratilayotganligi, bu borada maxsus qaror imzolanib, jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish masalasiga alohida eʼtibor berilayotgani yakunda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

Darvoqe, yaqinda yurtimizga tashrif buyurgan Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Endryu Parsons ham O‘zbekiston Paralimpiya sport turlari bo‘yicha eng nufuzli musobaqalarni qabul qilish salohiyatiga ega ekanligi va yaqin kelajakda yurtimizda yirik xalqaro musobaqalar o‘tkazilishi mumkinligini taʼkidlab o‘tgan edi.

Eʼtiborlisi, shu paytga qadar hech qaysi davlat tomonidan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari ketma-ketlikda o‘tkazilmagan. 2025 yilda Toshkent shahri yoshlar o‘rtasida Osiyo va Paraosiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish orqali yirik kompleks musobaqalarni qabul qilish borasida yana bir imtihondan o‘tadi.

Text to speech