19 Noyabr 2021 1913

Vladimir Nazlimov: “Maqsadimiz faqat oltin medal!”

Xabar berganimizdek, 20-21 noyabr kunlari Toshkentda qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Jahon kubogining navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tadi. Bugun MOQda ushbu musobaqa oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova, 12-14 noyabr kunlari Kosta-Rikada shpaga bo‘yicha o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Jahon kubogi g‘oliblari (musobaqada jamoamiz 2 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan), terma jamoa murabbiylari ham ishtirok etishdi. Dastavval shpagachilarimiz va ularning murabbiylari musobaqa taassurotlari bilan o‘rtoqlashishdi.

“Oldimizda aniq maqsad bor. Bu musobaqa kelasi yil boshida bizni kutayotgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va jahon chempionatiga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi. Unda jamoaviy yo‘nalishda qo‘lga kiritgan g‘alabamizdan so‘ng jahon reytingida Osiyoning ikkinchi jamoasiga aylanib oldik. Qizlarimiz musobaqada aqlli, chiroyli jang ko‘rsatishdi, qo‘yilgan vazifalarni a’lo darajada bajarishdi”, – dedi jamoamizning venesuelalik murabbiyi Xose Benavides.

Singapur menejmentni rivojlantirish instituti sport majmuasida o‘tadigan sablya musobaqasi avvalidan jamoamiz murabbiyi, 3 karra Olimpiya o‘yinlari chempioni Vladimir Nazlimov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Toshkentda yirik musobaqalarning o‘tkazilishi ertangi natijalar uchun juda foydali. Unda foydalaniladigan infratuzilma qurilayotgan Yangi O‘zbekistonning ertasiga xizmat qiladi. Mamlakatda iqtidorli yoshlar ko‘p. Zaynab Dayibekova, Sherzod Mamutov va boshqa taniqli sportchilarimiz Qoraqalpog‘iston misolida qilingan kuchli seleksiya misoli. Bo‘lajak musobaqada nimani rejalashtiryapmiz? Faqat oltin medal! Yakkalik va jamoaviy yo‘nalishda ham faqat yuqori natija uchun harakat qilamiz”, – dedi murabbiy.

Anjuman davomida OAV xodimlari musobaqada ishtirok etadigan sportchilarimizning tayyorgarligi va boshqa savollarga javob olishdi.

Text to speech