18 Dekabr 2021 1778

83 yoshli otaxon sharqiy osiyolik kurash murabbiylariga mahorat saboqlari koʻrsatib berdi

Ayni kunlarda oʻzbek milliy kurashini nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoda yanada ommalashtirish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday loyihalardan biri Xalqaro kurash instituti tomonidan yoʻlga qoʻyildi.

Unga koʻra, Sharqiy Osiyo mamlakatlari: Xitoy, Makao, Xitoy Taipeyi, Moʻgʻuliston, Koreya Respublikasi, Gonkong va Yaponiya murabbiylariga kurash sir-asrorlarini yanada chuqur oʻrgatish maqsadida xalqaro seminar tashkil etilmoqda. Bugun Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida onlayn seminarning ochilish tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, OʻzJOKU rektori, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Sherzod Qudratxoʻjayev, Osiyo-Okeaniya kurash assotsiatsiyasi rahbari Komil Roʻziyev, Xalqaro kurash instituti mutasaddilari, mahalliy murabbiy va yosh sportchilarimiz jam boʻlishdi. Tadbirda MOQ rahbari soʻz olib, kurashning Prezidentimiz qoʻllab-quvvatlashi bilan tobora rivojlanib borayotgani haqida gapirib oʻtdi.

“Sir emaski, muhtaram Prezidentimiz boshchiligida barcha sport turlari qatorida oʻzbek milliy kurashini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning natijasida milliy sportimiz jahon uzra yanada keng ommalashmoqda. Hozirgi kunda Xalqaro kurash instituti har qachongidan ham faol va samarali faoliyat olib bormoqda. Bugun oʻtkazilayotgan ilmiy anjuman ham milliy kurashimiz rivoji yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻladi deb aytish mumkin. Ushbu seminar bugungi kun talablariga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash, ularning malakasini oshirishda yoʻlida beqiyos ahamiyat kasb etadi”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Ushbu seminar xorijlik murabbiylar uchun onlayn formatda tashkil etildi. Ayniqsa, uning doirasida faxriylar oʻrtasida 2 karra jahon chempioni, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi 83 yoshli Abdurashid ota Mirzayevning boy tajribasi asosida koʻrsatilgan mahorat saboqlari kuzatuvchilarda iliq taassurot qoldirdi. Shuningdek, tadbir doirasida milliy kurashimiz targʻibotini yanada ommalashtirish maqsadida OʻzJOKU hamda Xalqaro kurash instituti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Text to speech