19 Noyabr 2021 2371

Axrol Roʻziyev, Kamil Fatkulin, Erkin Shagayev va bir nechta mutaxassislarga “Oʻzbekiston sport faxriysi” koʻkrak nishoni topshirildi

Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi tomonidan yurtimiz sportini rivojlantirish yoʻlida xizmat qilgan fidoyilarimizni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borilayotgan samarali ishlar davom etadi. Bugun kengash tomonidan ana shunday tadbirlardan biri oʻtkazilib, unda 15 nafar sport fidoyilariga “Oʻzbekiston sport faxriysi” koʻkrak nishonlari topshirildi.

Tadbirda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov va bir guruh faxriylarimiz ishtirok etishdi. Dastavval Bahodir Maxsitov Prezidentimizning faxriylarga koʻrsatayotgan eʼtibori va gʻamxoʻrligi xususida soʻz olib, oldinda turgan rejalar haqida gapirib oʻtdi. Shundan soʻng Birlashgan kurash dunyosi vitse-prezidenti, professor Axrol Roʻziyev, uzoq yillar sport kurashlari boʻyicha terma jamoamizda ustozlik qilgan Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan murabbiy Kamil Fatkulin, suv polosi boʻyicha Olimpiya oʻyinlari chempioni Erkin Shagayev kabi yana 12 nafar fidoyilarga “Oʻzbekiston sport faxriysi” koʻkrak nishonlari topshirildi.

Shundan soʻng MOQ rahbari soʻz olib, faxriylarimizga oʻzining iliq tilaklarini bildirib oʻtdi.

“Avvalambor, barchangizga sportimiz rivoji uchun qoʻshgan xissangiz, uzoq yillik mehnatingiz uchun tashakkur aytamiz. Hurmatli yurtboshimiz oʻzlari barpo etayotgan Yangi Oʻzbekistonda barcha sohaga, shu jumladan, faxriylarimizga ham katta eʼtibor qaratmoqdalar. Sizlardagi uzoq yillik tajriba bilan sportimiz rivojlanmoqda. Hali hamon terma jamoalarimiz mashgʻulotiga borib, atletlarimizga oʻz maslahatlaringizni berib tursangiz, biz bundan mamnun boʻlamiz”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Tadbir yakunida faxriylarimiz davlatimizning ularga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrligidan mamnun ekanligini bildirishdi.

Text to speech