18 Noyabr 2021 2412

Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov yurtimizda Olimpizm va sport targʻiboti masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda qatnashdi

Bugun MOQda Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vitse-prezidenti Otabek Umarov ishtirokida yurtimizda Olimpizm harakati va sport targʻiboti boʻyicha olib borilayotgan ishlar mavzusiga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalarining mutasaddi rahbarlari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda MOQ Bosh kotibi, “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlari direksiyasi direktori Oybek Kasimov 21-noyabr kuni BAAning Dubay shahrida boʻlib oʻtadigan OOKning navbatdagi Bosh Assambleyasi uchun tayyorlangan taqdimotni namoyish etdi. Taʼkidlash joiz, Bosh Assambleyada delegatsiyamiz qitʼadoshlarimizni ushbu taqdimot bilan tanishtiradi.

Ayni paytda Prezidentimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan boʻlajak musobaqaga katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Taqdimot haqida maʼlumot bergan Oybek Kasimov musobaqaga qurilayotgan obyektlar, uning tarkibiga kiradigan sport turlari, transport va boshqa yoʻnalishlar haqida toʻxtaldi. Shuningdek, yigʻilishda MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov terma jamoalarimizning Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik strategiyasi haqida maʼlumot berdi.

Yigʻilish kun tartibiga muvofiq, ishtirokchilar kelasi yil yanvar oyida Oʻzbekiston MOQning 30 yilligini keng nishonlash boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlar rejasini ham koʻrib chiqishdi. Tadbir davomida mamlakatimiz sporti taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish kabi shu va boshqa mavzular yuzasidan fikr almashildi.

Text to speech