MOQda “Muqaddassan Vatan bayrog‘i” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi
Bugun O‘zbekiston MOQda 18 noyabr O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan “Muqaddassan Vatan bayrog‘i” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, shuningdek, MOQ va uning qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirni Bahodir Maxsitov ochib berdi va vatanimiz ravnaqi, uning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini yuksaltirishda bayroqning o‘rni haqida gapirib o‘tdi. Shundan so‘ng MOQ matbuot xizmati tomonidan bugungi sana munosabati bilan taniqli atletlarimiz ishtirokida tayyorlangan maxsus videorolik qo‘yib berildi. Tadbir davomida Qo‘mita va tibbiyot markazi xodimlari davlatimiz ramzlari haqidagi she’rlari bilan davraga yanada iliqlik kiritdilar.
MOQ rahbari yakuniy so‘z o‘rnida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Bayrog‘imiz bu vatanimiz, davlatimizning timsoli. Buni sportchilarimiz birinchilardan bo‘lib jahonga mashhur qilishadi. Baralla aytishimiz mumkinki, atletlarimizning g‘alabalari bilan butun dunyo bayrog‘imizni tanib oldi. Buning orqasida albatta hurmatli Prezidentimizning sport va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlashi va e’tibori turibdi”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.
Tadbir yakunida MOQ rahbari barcha ishtirokchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirib, ushbu sana munosabati bilan o‘zining samimiy tilaklarini bildirib o‘tdi.