18 Dekabr 2021 1512

JCh yakunlari: Yigitlarimiz umumjamoa hisobida birinchi boʻlishdi

Toshkent mezbonlik qilgan ogʻir atletika boʻyicha kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati oʻz yakuniga yetdi. Bir necha kun davomida dunyoning eng kuchli atletlari chempionlik yoʻlida murosasiz raqobat olib borishdi.

Qayd etish joiz, murakkab epidemiologik vaziyat boʻlishiga qaramasdan xorijlik mutaxassislar ushbu dunyo birinchiligi yuqori saviyada tashkil etilganiga alohida urgʻu berdilar. Oʻz navbatida, sportchilar oʻrtasidagi keskin raqobat muxlislarda bir olam taassurot qoldirdi. Avvaldan taxmin qilinganidek, ogʻir vazn toifalaridagi bellashuvlar kutilgan intrigani taqdim qildi. Ayniqsa, -109 kg vazn toifasidagi bahs yurtdoshlarimiz xotirasida uzoq vaqt yodda qoladigan boʻldi. Boisi unda 2 alp yigitlarimiz Akbar Joʻrayev va Ruslan Nurudinov chempionlik uchun oʻzaro raqobat olib borishdi. Ushbu vaznda oʻzbek polvonlariga teng keladigan raqib yoʻq ekanini yana bir karra isbotlashdi.

Umuman olganda, yigitlarimiz musobaqa davomida oʻz chiqishlari bilan barchamizni xursand qilishdi. Ularning natijalari medallar jamgʻarishdagi umumiy hisobda ham oʻz aksini topdi. Kichik medallar kesimida 5 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medallarini jamgʻargan Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egalladi.

Erkaklar, medallar boʻyicha:
1. Oʻzbekiston – 5-5-2
2. Koreya Respublikasi – 5-1-4
3. Gruziya – 3-4-1

Sportchilarimizning ishtirokiga qarab beriladigan ochkolar klassifikatsiyasida esa jamoamiz uchinchi oʻrinni egalladi.

Erkaklar, ochkolar boʻyicha:
1. Rossiya ogʻir atletika federatsiyasi – 581 ochko
2. Eron – 548
3. Oʻzbekiston – 525

Ayollar bahsida medallar jamgʻarish boʻyicha qizlarimiz oʻn birinchi pogʻonani band etgan boʻlsalar, ochkolar kesimida kuchli 15 talikni yopib berishdi.

Umumiy hisobdagi medallar jamgʻarmasida ham jamoamiz yetakchilar qatorida boʻlgani faxrlanarli. Doston Yoqubov va Akbar Joʻrayevning oltin, Sarvarbek Zafarjonov, Ruslan Nurudinov va Tursunoy Jabborovaning kumush medallari bilan ushbu kesimda ikkinchi oʻrinni bandi qildik.

Umumiy hisobdagi medallar jamgʻarish boʻyicha:
1. Koreya Respublikasi – 4-1-2
2. Oʻzbekiston – 2-3-0
3. Tailand – 2-2-1

Shu oʻrinda, oʻz yurtimizda birinchi bor oʻtkazilgan kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatida shohsupaga koʻtarilib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan qahramonlarimizni eslab oʻtamiz:

Oltin medal:
-67 kg: Doston Yoqubov – siltab koʻtarish va ikki kurash
-109 kg: Akbar Joʻrayev – mutlaq chempionlik (har uch yoʻnalishda)
-87 kg: Tursunoy Jabborova – dast koʻtarish

Kumush medal:
-67 kg: Doston Yoqubov – dast koʻtarish
-89 kg: Sarvarbek Zafarjonov – siltab koʻtarish va ikki kurash
-109 kg: Ruslan Nurudinov – siltab koʻtarish va ikki kurash
-87 kg: Tursunoy Jabborova – ikki kurash

Bronza medal:
-67 kg: Adhamjon Ergashev – siltab koʻtarish
-109 kg: Ruslan Nurudinov – dast koʻtarish

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasini mamlakatimizda ilk bor tashkil etilgan kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatini yuqori saviyada oʻtkazgani, qoʻlga kiritilgan ulkan natijalar bilan tabriklab qoladi.

Text to speech