17 Dekabr 2021 1500

“Kurash haftaligi” hamyurtlarimizga quvonch ulashmoqda

Shu kunlarda yurtimiz boʻylab katta kurash bayrami oʻtkazilmoqda. Oʻzbekiston kurash federatsiyasi tomonidan 13-20-dekabr kunlari mamlakatimizda “Kurash haftaligi” eʼlon qilindi. Joylarda haftalik doirasida kurash musobaqalari, seminarlar, uchrashuvlar tashkil etilishi belgilanib, bu orqali Prezidentimiz ilgari surayotgan gʻoya – sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish, yurtdoshlarimizga oʻz qadriyatlariga hurmat ruhini singdirish, hamda kurash sporti bilan shugʻullanuvchilar safini kengaytirish koʻzda tutilgan.

Eʼtiborlisi, “Kurash haftaligi” doirasidagi bir qator sport musobaqalari tashkil etilmoqda. Jumladan, Toshkentdagi “Universal” sport majmuasida “Prokuratura polvoni” respublika turniri oʻtkazilib, gʻolib va sovrindorlar aniqlab olindi. Mazkur haftalikning ochilish marosimi ham tantanali ruhda oʻtkazilib, milliy urf-odatlarimiz, anʼanalarimizni oʻzida mujassam qilgan badiiy chiqishlarga boy boʻldi. Tadbirda soʻz olgan MOQ rahbari Rustam Shoabdurahmonov davlatimizning kurashni qoʻllab-quvvatlashga qaratayotgan eʼtiboriga alohida toʻxtalib, musobaqa ishtirokchilariga omad tilab oʻtdi.

Bugun haftalik doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati, 18-dekabrda talabalar oʻrtasida xalqaro turnir, 19-dekabrda esa “Oʻzbek polvoni” respublika turniri hamda 20-dekabrda klublar oʻrtasida musobaqalar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston kurash federatsiyasi matbuot xizmati xabariga koʻra, ushbu kurash musobaqalarining tizimli oʻtkazilishi natijasida mamlakatimizning ikki mingdan ziyod yoshlarini sport mashgʻulotlari bilan qamrab olish koʻzda tutilgan.

Text to speech