17 Noyabr 2021 1691

Jahon chempionatiga tayyorgarlik rejalari ko‘rib chiqilmoqda

Xabaringiz bor, joriy yilning 7-17 dekabr kunlari Toshkentda og‘ir atletika bo‘yicha ilk bor kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda mamlakatimizda ushbu musobaqaga katta hajmdagi tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bugun ushbu mavzu yuzasidan muhokama uchun Xalqaro og‘ir atletika federatsiyaning (IWF) musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha menejeri Matyash Lencher, tashkilot biznes administratori Mariya Chereshnesh, IWF bo‘lim direktori Liliya Sagi MOQga tashrif buyurishdi.

Mehmonlarni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi oldi. Ularga O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov hamrohlik qildi.

Suhbat davomida Oybek Kasimov ushbu musobaqani o‘tkazishga mamlakatimizda katta tayyorgarlik olib borilayotgani, xususan, hukumatimizning qo‘llab-quvvatlayotgani haqida gapirib o‘tdi.

“Poytaxtimiz shu paytgacha og‘ir atletika bo‘yicha ko‘plab musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazgan. Endi navbat kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga. Qatorasiga ikki Olimpiya o‘yinlarida atletlarimiz oltin medal va rekordlarni qo‘lga kiritayotgani mamlakatimiz yoshlari orasida ushbu sport turiga bo‘lgan qiziqishning yanada ortishiga sabab bo‘lmoqda. Prezidentimiz sport targ‘ibotini yanada kuchaytirish uchun mamlakatimizda yirik nufuzdagi xalqaro musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edilar. Bo‘lajak jahon chempionati ushbu vazifaning amaliy ijrosi bo‘libgina qolmay, aholimiz orasida sport targ‘iboti yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ladi”, – dedi Oybek Kasimov.

Suhbat davomida dunyo birinchiligini yuqori saviyada o‘tkazish, uning translyatsiyasi bilan bog‘liq masalalar qatorida musobaqadan so‘ng o‘tadigan xalqaro tashkilot Kongressiga tayyorgarlik haqidagi mavzular ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida mehmonlarga milliy urf-odatimizga ko‘ra esdalik sovg‘alari topshirildi.

Text to speech