Bugun kelasi yil Xitoyning Pekin shahrida start oladigan XXIV qishki Olimpiya oʻyinlari boshlanishiga roppa-rosa 50 kun qoldi. Ayni paytda oʻzbekistonlik sportchilarning Pekin-2022 qishki Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarligi qizgʻin davom etmoqda.
Taʼkidlash joiz, shu kunlarda Rossiyada (Abzakovo va Magnitogorsk changʻi markazlarida) togʻ changʻisi boʻyicha saralash musobaqalari oʻtkazilmoqda. Shuningdek, ushbu oy oxirida vakillarimiz Eronda yana bir turnirda qatnashishi koʻzda tutilgan.
Pekin-2022 yoʻllanmalarni qoʻlga kiritishga togʻ changʻisi boʻyicha terma jamoamiz vakillari Komiljon Toʻxtayev va Valeriya Kovaleva asosiy daʼvogar boʻlib turishibdi. Arman Gayupov va Raʼno Raimqulova ularga zaxira sifatida tayyorlanishmoqda. Qayd etish joiz, Xalqaro changʻichilar federatsiyasi saytida Komiljon Toʻxtayev litsenzion hududda qayd etilgan. Yakuniy litsenziatlar kelasi yilning 17-yanvar kuni rasman eʼlon qilinadi. Reglamentga koʻra, mazkur yoʻnalishda Oʻzbekiston terma jamoasi 2 ta yoʻllanma (1 erkak va 1 ayol) qoʻlga kiritishi mumkin. Hozirda ayollar toifasidagi kvota uchun jiddiy kurash olib borilmoqda.
Oʻzbekiston changʻi sport turlari federatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan va Turizm va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya tomonidan tasdiqlangan tezkor reja asosida sportchilarimiz boʻlajak startlarga tayyorgarlik olib borishmoqda. Vakillarimiz Rossiya, Eron va Yevropa mamlakatlarida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari hamda musobaqalarda ishtirok etishadi. Mazkur tadbirlarda bugungi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda barcha qoidalarga rioya qilinmoqda va xavfsizlik choralari taʼminlangan.
Sportchilarimiz boʻlajak Olimpiya oʻyinlariga togʻ changʻisining slalom va gigant slalom yoʻnalishlarida tayyogarlik koʻrishmoqda.