Terma jamoalarimiz uchun yanada yaxshi sharoit yaratish masalalari muhokama qilindi
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi Qaror bir qancha yo‘nalishlarda mas’ul tashkilotlarning ish faoliyati yanada optimallashtirilishini taqazo etadi. Bu borada O‘zbekiston MOQ rahbariyati muntazam ish olib bormoqda.
Qo‘mita raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning o‘rinbosari Sherzod Tashmatov mutaxassislar bilan terma jamoalarimiz bilan ishlash mexanizmini yanada kuchaytirish bo‘yicha muhokama o‘tkazdi. Unda, shuningdek, Turizm va sport vazirligi mutasaddilari ham ishtirok etishdi.
Muhokamaning asosiy mavzusi sportchilarimizning tayyorgarligi uchun ajratiladigan mablag‘larni maqsadli sarflash, kalendar-rejadan kelib chiqqan holda pullarni to‘g‘ri yo‘naltirish masalalari bo‘ldi. Suhbat davomida mahalliy va xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari rejasini yana bir bor ko‘rib chiqish, shaffof seleksiya asosida terma jamoa tarkibini shakllantirish mavzularida ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Uchrashuv yakunida MOQ rahbari jamoalarimizga yanada yaxshi sharoit yaratib berish uchun biriktirib beriladigan sport bazalarining imkoniyatini ko‘rib chiqish, kelgusi yirik kompleks musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qiladigan zaxira sportchilari uchun uzliksiz yig‘inlar tashkillashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berib o‘tdi.