Ispaniyada gandbol boʻyicha ayollar oʻrtasida oʻtkazilayotgan jahon chempionati oʻzining hal qiluvchi pallasiga kirdi. Unda terma jamoamiz ishtirokini yakunladi.
29-30 oʻrinlar oʻz egalarini topishi belgilangan bellashuvda qizlarimiz paragvaylik raqibalariga maydonga chiqishdi. Uchrashuvning birinchi taymi 19:19 hisobida yakunlangan boʻlsa, ikkinchi taymda raqiblar aniq zarbalar bilan muvozanatni oʻz tomonlariga ogʻdirib ketishdi. Yakuniy hisob – 39:33. Bahsda raqib darvozasini 11 bor ishgʻol qilgan O.Abdumannonova eng sermahsul oʻyinchi boʻldi.
Shu tariqa, terma jamoamiz oʻz tarixida ikkinchi bor ishtirok etgan jahon chempionatini 32 jamoa orasida 30-oʻrinda yakunladi.